Endi sog‘lom insonlar kabi mehnat qilaman
Jizzax viloyati Do‘stlik tumanida yashovchi Abditolib Xoldorov ko‘p yillar davomida qurilish sohasida mehnat qildi. Halol mehnati ortidan oilasini hech kimdan kam qilmadi. Turmush o‘rtog‘i Dilbar opa bilan bir nafar farzandni voyaga yetkazdi.
Ammo hayotning achchiq sinovi tufayli 2018 yilda umurtqa pog‘onasining kasalligi tufayli II guruh nogironi bo‘lib qoldi. Shunday bo‘lsa-da, ortga chekinmadi. Abditolib aka fermer xo‘jaligining ishchisi, Dilbar opa esa tuman obodonlashtirish boshqarmasiga ishga kirdi. Ijara puli, ro‘zg‘or tashvishi tufayli davolanishga mablag‘ ajrata olmadi. Yillar o‘tdi, har bir o‘tgan kun Abditolib aka uchun qiyin kechdi. O‘zi qiziqqan kasbi – etikdo‘zlik bilan shug‘ullanay desa, sharoiti yo‘q. Uskuna olishga esa qurbi yetmaydi.
[gallery-20305]
Tushkunlikka tushib qolgan Abditolib akaga joriy yil quvonchli yil bo‘ldi. Sababi, tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi ko‘magida etikdo‘zlik bilan shug‘ullanishi uchun kerakli uskunalar hamda joy bilan ta’minlandi. Shu bilan birga “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisobidan davolandi.
- Markaz yordami tufayli yana bir bor hayotga qaytdim, - deydi A. Xoldorov. - Sog‘lom insonlar qatori men ham endi ishlayman. Asosiysi, kunlik daromadim bor. Ro‘zg‘orim asta-sekin yaxshilanyapti. Kelajakda yoshlarni shogirdlikka olib, ish faoliyatimni kengaytirishni maqsad qilib turibman.
Markaz tomonidan qahramonimiz kabi qiynalib qolgan insonlarni xatlovdan o‘tkazib, bandligini ta’minlash ishlari davom etmoqda.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/dp116fmefis?si=qpM_k9Yphv3GzDiR" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Jamshid YORBEKOV(surat,video),O‘zA