“El-Nino chalg‘ituvchi omil”: Nega Yevropadagi jazirama tabiiy ob-havo hodisasi sifatida izohlanmayapti?
Shu kunlarda Yevropa mintaqasi navbatdagi issiq to‘lqinlar ta’sirida kuchli jaziramaga duch kelmoqda. Ekologlar ta’kidlashicha, G‘arbiy Yevropa yil boshidan buyon uchinchi issiq to‘lqinni boshdan kechirmoqda va havo harorati dam olish kunlarigacha pasayishi kutilmayapti.
Joriy hafta boshida Fransiya hukumati mamlakatning yuzga yaqin hududida eng yuqori – “qizil” darajadagi ogohlantirish e’lon qildi. Fuqarolarga “o‘ta ehtiyotkorlik” va to‘g‘ridan-to‘g‘ri quyosh nurlari ostida bo‘lmaslik tavsiya qilindi.

Bu qaror o‘lkaning yirik hududlarida havo harorati 40°C dan oshgani, shuningdek, bir qator “tropik tunlar” kuzatilayotgani bilan bog‘liq. Bunday holatda sutka davomida harorat 20°C dan pastga tushmaydi.
Xabarlarga ko‘ra, dushanba kuni Fransiyaning janubi-sharqida avtomobil ichida 4 va 2 yoshli ikki nafar bolaning jasadi topildi. Rasmiylar jaziramani fojianing asosiy ehtimoliy sababi sifatida ko‘rmoqda. Ushbu mudhish voqea Bordo yaqinida ekstremal harorat tufayli vafot etgan uch nafar keksa inson o‘limidan keyin sodir bo‘ldi.
Buyuk Britaniya Milliy meteorologiya xizmati mamlakatning markaziy va janubiy qismlari uchun “qizil” darajadagi favqulodda ogohlantirish e’lon qildi. Mazkur yurtda yaqin kunlarda harorat 39°C gacha ko‘tarilishi, tungi haroratlar ham juda yuqori bo‘lishi kutilmoqda.
– Namlik ham muhim omil hisoblanadi va issiq to‘lqin ta’sirini yanada kuchaytirib, aholi uchun stress xavfini oshiradi, - deyiladi Birlashgan Qirollik Milliy meteorologiya xizmati bayonotida.

Germaniyada esa haroratning ko‘tarilishi o‘rmon yong‘inlari xavfini oshirdi. Ayniqsa, mamlakatning janubiy va sharqiy hududlarida xavf yuqori. Bonn, Shtutgart va Frankfurt kabi shaharlarda shanba va yakshanba kunlari harorat 40°C ga yaqinlashishi kutilmoqda.
Yevropadagi jaziramaga El-Nino sababmi?
Shu oy boshida AQSHning Milliy okean va atmosfera boshqarmasi (NOAA) bir necha kuzatuvlardan so‘ng Tinch okeanining tropik qismida El-Nino rasman boshlanganini ma’lum qildi.
Ko‘plab sinoptiklar bu galgi El-Nino so‘nggi o‘n yillikdagi eng kuchli hodisalardan biri bo‘lishi mumkinligini aytmoqda. Shu sababli ba’zi xorijiy nashrlarda “Super El-Nino” atamasi qo‘llanilmoqda.
Ispan tilidan tarjima qilinganda “o‘g‘il bola” ma’nosini anglatuvchi El-Nino – Sharqiy Tinch okeanida suv harorati me’yordan ortiq isib ketishi bilan bog‘liq tabiiy hodisa hisoblanadi. Bu esa global haroratlarni oshirib, ekstremal ob-havo hodisalarini kuchaytirishi mumkin.
2023-yil mayidan 2024-yil martigacha davom etgan avvalgi El-Nino hodisasi rekord darajadagi issiqlikka hissa qo‘shib, dunyo bo‘ylab halokatli issiq to‘lqinlari, o‘rmon yong‘inlari va suv toshqinlarini yuzaga keltirgan edi.

Niderlandiyadagi “IHE Delft” instituti mutaxassislari El-Nino yuqori haroratlardan tashqari qurg‘oqchilik, oziq-ovqat xavfsizligi muammolari va hatto elektr energiyasi tanqisligi kabi oqibatlarga ham olib kelishi mumkinligidan ogohlantirgan.
Ko‘plab ommaviy axborot vositalari Yevropadagi hozirgi issiq to‘lqinni El-Nino bilan bog‘lamoqda. Biroq global ob-havo prognozlari platformasi – WYF24 asoschisi Ioanna Vergini ta’kidlashicha, bunday yondashuv “meteorologik nuqtai nazardan mutlaqo noto‘g‘ri”.
– Hozir Tinch okeanida kuchli El-Nino holati kuzatilmayapti, -deydi u “Euronews” nashriga bergan intervyusida. – Hatto u mavjud bo‘lgan taqdirda ham, uning Yevropa yozidagi issiqlikka bevosita ta’siri yetarlicha aniqlanmagan. Bu reaktiv havo oqimining (jet stream) bloklanishi natijasida yuzaga kelgan holatdir va u rekord darajada isib borayotgan iqlim fonida sodir bo‘lmoqda. Uzoq muddatli iqlim isishi – kuchaytiruvchi omil. El-Nino esa bu yerda asosiy omil emas.
El-Nino ta’siri qachon va qayerda ko‘proq seziladi?
El-Ninoning ta’siri jiddiy bo‘lishi mumkin bo‘lsa-da, uning asosiy oqibatlari ko‘proq tropik mintaqalarda kuzatiladi. Masalan, Janubiy Amerikada, xususan Peruning shimolida suv toshqinlari xavfi ortishi mumkin. Bu ta’sir Sharqiy Afrika, Markaziy Osiyo va AQSHning janubiy hududlariga ham yetib borishi ehtimoldan xoli emas.

Qurg‘oqchilik va o‘rmon yong‘inlari xavfi esa Avstraliyaning katta qismida, Janubiy Amerikaning shimolida hamda Indoneziya kabi Osiyo davlatlarida ortishi mumkin.
Yevropada El-Ninoning ta’siri bilvosita bo‘ladi. Biroq u yilning keyingi qismida, xususan kuz va qish boshlarida havoning nisbatan yumshoq, nam va shamolli bo‘lish ehtimolini oshirishi mumkin.
Iqlimshunoslar joriy yil oxiri va 2027-yil davomida dunyo bo‘ylab harorat juda yuqori bo‘lishini taxmin qilmoqda. Ammo bu omil hozir G‘arbiy Yevropani qamrab olgan ekstremal issiqlikka sabab bo‘layotgani yo‘q.
Iqlim o‘zgarishsiz qoladi(mi)?
Mutaxassislar fikricha, El-Nino hodisalarining aksariyati global o‘rtacha haroratni vaqtinchalik taxminan 0,2°C ga oshirgan. Bu inson faoliyati natijasida yuzaga kelgan iqlim o‘zgarishi bilan taqqoslaganda ancha kichik ko‘rsatkichdir. Chunki sanoatlashuvdan oldingi davr bilan solishtirganda Yer yuzasining o‘rtacha harorati taxminan 1,3–1,5°C ga oshgan.
Shu sababli El-Nino ta’siri allaqachon isib borayotgan sayyorada yanada kuchayib namoyon bo‘ladi. Masalan, 2025-yil tarixdagi uchinchi eng issiq yil bo‘ldi va hatto kuchli El-Nino kuzatilgan 2016-yildan ham issiqroq qayd etildi. Bu holat haroratlarni pasaytiruvchi La-Ninya hodisasi ta’siriga qaramay sodir bo‘ldi.

Ispan tilida “qiz bola” ma’nosini anglatuvchi La-Ninya shamollarni kuchaytirib, ekvatorial Tinch okeanida chuqur qatlamlardagi suvlarni yuzaga chiqaradi va global haroratlarni biroz pasaytiradi. U nomuayyan davrlarda yuzaga keladi, ammo El-Ninoga qaraganda uzoqroq davom etadi.
– El-Nino tabiiy hodisa. U keladi va ketadi. Iqlim o‘zgarishi esa agar biz yoqilg‘i yoqishni to‘xtatmasak, tobora kuchayib boraveradi, -deydi britaniyalik olim Friderik Otto.
Yevropa nega tezroq isiyapti?
Yevropa dunyo o‘rtacha ko‘rsatkichiga nisbatan ikki baravardan ham tezroq isib bormoqda. Qit’adagi harorat sanoatlashuvdan oldingi davr bilan taqqoslaganda taxminan 2,5°C ga oshgan.

Yevropaning ayrim qismlari Yer yuzidagi eng tez isib borayotgan mintaqa – Arktikaga tutashgan. Bu yerda harorat global o‘rtacha ko‘rsatkichdan 3–4 baravar tez sur’atda oshmoqda.
Qor va muzliklar erigan sari Yer yuzasi kamroq quyosh nurini qaytaradi. Ularning o‘rnida paydo bo‘layotgan qorong‘u yuzalar esa ko‘proq issiqlikni yutib, yanada kuchli isish jarayonini keltirib chiqaradi.
Yevropada chiqindilarni kamaytirish va havo ifloslanishiga qarshi choralar inson salomatligi hamda atrof-muhit uchun katta ijobiy natijalar berdi. Lekin bu jarayon aerozollar ta’sirida hosil bo‘ladigan past qatlamli bulutlarni ancha kamaytirdi. Ilgari bu bulular ma’lum darajada sovutuvchi to‘siq vazifasini bajarib kelgan edi.
O‘tkir Alimov, O‘zA