Ekstremizm uchun jazoni kuchaytirish emas, javobgarlikni liberallashtirish taklif etilmoqda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi o‘z ishini boshladi. Unda bir qator qonun loyihalari ko‘rib chiqilmoqda.
Dastlab “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga ekstremizmga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
— Bugungi kunda ekstremistik va terrorchilik tashkilotlari axborot texnologiyalari hamda internet tarmoqlaridan foydalanib, ayniqsa, yoshlarni zo‘ravonlikka jalb etishga urinayotgani kuzatilmoqda, — dedi deputat Anvarxon Temirov. — Shu bois, amaldagi qonunchilikni takomillashtirish, profilaktika chora-tadbirlarini kuchaytirish, mas’ul idoralar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash zarurati yuzaga kelmoqda. Shu maqsadda qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga jamoat xavfsizligi va tartibiga tahdid soluvchi materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralarini takomillashtirish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, ekstremizmning oldini olish, bu haqda xabar bergan shaxslarni rag‘batlantirish va himoya qilish, ekstremistik tashkilotlarni belgilash tartiblari belgilanmoqda.
Ayrim jamoatchilik vakillari tomonidan “ekstremizm uchun javobgarlik kuchaytirilyapti”, degan mazmunda muhokamalar bo‘ldi. Aksincha, loyihada ekstremizm uchun birdaniga jazoni kuchaytirish emas, balki javobgarlikni aniqlashtirish va liberallashtirish taklif etilmoqda. Ya’ni, agar inson birinchi marta bunday xatoga yo‘l qo‘ysa, unga nisbatan birdan jinoyat ishi ochmasdan ma’muriy javobgarlik (jarima yoki ma’muriy qamoq) belgilash nazarda tutilmoqda.
Qonun loyihasi ekstremizmga qarshi kurashish, jamiyatda tinchlik-osoyishtalikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Moddama-modda muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qabul qilinib, Senatga yuborildi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA