“Yashil” vodorod O‘zbekiston energetikasi uchun qanday imkoniyatlar yaratadi?
Jahonda barqaror rivojlanish va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash masalalari tobora dolzarb ahamiyat kasb etayotgan bugungi kunda “yashil” vodorod energetika sohasidagi eng istiqbolli yo‘nalishlardan biridir. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosida ishlab chiqariladigan mazkur energiya tashuvchisi kelajakda kam uglerodli iqtisodiyotga o‘tish, sanoatni modernizatsiya qilish hamda energiya xavfsizligini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi. Shu sababli, mamlakatimizda ham mazkur sohada bir qator chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Ayni kunlarda Energetika vazirligi mutaxassislari hamda vazirlik huzuridagi Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot instituti vakillari Koreya Respublikasida amaliy uchrashuvlar va o‘quv muloqotlarda ishtirok etmoqda.
Mazkur dastur “Global Green Growth Institute” (GGGI) hamkorligida amalga oshirilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi mamlakatimizda toza vodorod bozorini shakllantirish uchun zarur bo‘lgan huquqiy, institutsional va texnologik asoslarni chuqur o‘rganishdan iborat.

Dastur doirasida vodorod energetikasini rivojlantirishga oid normativ-huquqiy baza, xalqaro tajriba hamda sohada qo‘llanilayotgan zamonaviy texnologiyalar atroflicha ko‘rib chiqilmoqda. Xususan, ushbu texnologiyalarni sanoat tarmoqlarida joriy etish imkoniyatlari, ularning iqtisodiy samaradorligi va energetika tizimiga integratsiya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratilyapti.
Jahon amaliyotida “yashil” vodorod asosan quyosh va shamol kabi qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobiga ishlaydigan elektroliz texnologiyalari asnosida ishlab chiqariladi. Bu usul atrof-muhitga zararli chiqindilarni keskin kamaytirish imkonini berishi bilan ahamiyatli. Shu nuqtai nazardan, Koreya tomoni vodorodni ishlab chiqarish, saqlash va uni energetika tizimida samarali qo‘llash bo‘yicha o‘zining ilg‘or tajribasini taqdim etdi.

Mutaxassislarning fikricha, “yashil” vodorod O‘zbekiston uchun bir qator muhim imkoniyatlarni yaratadi. Avvalo, bu sanoat tarmoqlarini dekarbonizatsiya qilish, ya’ni atmosferaga chiqariladigan uglerod hajmini qisqartirishga xizmat qiladi. Ayniqsa, kimyo, metallurgiya va og‘ir sanoat kabi strategik yo‘nalishlarda mazkur texnologiyalarni joriy etish katta ahamiyat kasb etadi.
Shu bilan birga, vodorod texnologiyalari mamlakat energetika tizimi barqarorligini oshirish, elektr energiyasini saqlash imkoniyatlarini kengaytirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan olinayotgan quvvatni samarali boshqarishga yordam beradi. Bu esa, o‘z navbatida, energetika xavfsizligini yanada mustahkamlaydi.
O‘zbekistonda so‘nggi yillarda quyosh va shamol energetikasi bo‘yicha amalga oshirilayotgan yirik loyihalar kelajakda “yashil” vodorod ishlab chiqarish uchun mustahkam asos yaratadi. Mazkur jarayon mamlakatni kam uglerodli iqtisodiyotga bosqichma-bosqich olib o‘tishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Uchrashuvlar davomida sohada hamkorlikni yanada kengaytirish, qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish va ilg‘or texnologiyalarni mamlakatimizga joriy etish imkoniyatlari ham muhokama qilindi. Vazirlik axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, “Clean Hydrogen for Uzbekistan” loyihasi doirasida tashkil etilgan ushbu amaliy safar mamlakatimizda mazkur sohani rivojlantirishda yana bir muhim qadamdir.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA