Ekologiya va qurilish sohalaridagi murojaatlar tahlil qilindi
Bugungi kunda mamlakatimizda aholi murojaatlari bilan ishlash va ularda ko‘tarilayotgan tizimli muammolarni bartaraf etish masalalariga alohida e’tibor bilan yondashilmoqda. Bu borada Prezidentimizning 2026-yil 1-apreldagi “Aholi bilan muloqot tizimini samarali tashkil qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, davlat organlari bilan aholi o‘rtasida ochiq va samarali muloqotni ta’minlash, fuqarolarning murojaat qilish huquqini to‘liq ro‘yobga chiqarish hamda Xalq qabulxonalari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilangan.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasining yig‘ilishida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash holati, ularni ko‘rib chiqish natijalari hamda sohalarda amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar yuzasidan axborotlari eshitildi.
Axborotda keltirilganidek, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga 2026-yilning ikkinchi choragida jami 10 ming 295 ta murojaat kelib tushgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 28 foizga kam. Murojaatlarning 82,1 foizi ijobiy hal etilgan.

Ayniqsa, yer munosabatlari, qurilish sifati, noqonuniy qurilishlar va boshqa qator yo‘nalishlar bo‘yicha murojaatlar sonining kamaygani amalga oshirilayotgan islohotlarning ijobiy natijasi sifatida baholandi.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tizimiga esa joriy yilning birinchi yarim yilligida 28 ming 168 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 51 foizga ko‘pdir. Murojaatlarning 92,2 foizi qanoatlantirilgan.
Ta’kidlanganidek, murojaatlarning asosiy qismi maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari, ushbu xizmatlar bo‘yicha qarzdorlik, atmosfera havosining ifloslanishi hamda daraxtlarni muhofaza qilish masalalariga to‘g‘ri kelmoqda. Murojaatlar sonining ortishi chiqindilarni boshqarish tizimi qamrovining kengayishi, raqamli billing tizimlarining joriy etilishi, 24/7 rejimida faoliyat yurituvchi Call-markazlar ishga tushirilishi hamda aholining murojaat qilish imkoniyatlari kengayishi bilan ham bog‘liq ekanligi aytildi.
Bugungi kunda vazirlik va qo‘mitada murojaatlar bilan ishlashning zamonaviy yondashuvlari joriy etilmoqda. Xususan, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligida “Shaffof qurilish” monitoring platformasi orqali murojaatlar real vaqt rejimida tahlil qilinib, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish ishlari olib borilmoqda.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasida esa murojaatlar bilan ishlashning yagona tartibi tasdiqlanib, Prezident Xalq qabulxonalari bilan hamkorlik kuchaytirildi, mas’ul xodimlarning malakasini oshirish va ijro intizomini mustahkamlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar amalga oshirildi.
Muhokamalarda aholi murojaatlari bilan ishlash samaradorligini yanada oshirish, ularning kelib chiqish sabablarini barvaqt bartaraf etish, muammolarni hal qilish zarurligi qayd etildi. Sohaga oid qonunchilik ijrosini ta’minlash lozimligiga urg‘u berildi.
M.Komilova, O‘zA