Ko‘zi ojiz abituriyentlar uchun OTMga qabul qilish tartibi qanday?
Oliy ta’limga kirish har bir yosh uchun muhim bosqich hisoblanadi.
Davlat esa imkoniyati cheklangan yoshlarning ta’lim olish huquqini ta’minlash maqsadida ular uchun alohida qabul tartiblarini belgilagan. Jumladan, ko‘zi ojiz abituriyentlar davlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga kirishda maxsus tartib asosida imtihon topshiradi va belgilangan talablarni bajargan taqdirda qo‘shimcha davlat granti asosida talabalikka qabul qilinadi.
Amaldagi tartibga ko‘ra, ko‘zi ojiz abituriyentlar oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarini ta’lim yo‘nalishiga mos fanlar majmuasi bo‘yicha ko‘p balli yoki besh balli baholash tizimi asosida an’anaviy shaklda topshiradi.
Fanlar bo‘yicha kirish imtihonlarining yozma yoki og‘zaki shaklda o‘tkazilishi har bir oliy ta’lim muassasasining qabul komissiyasi tomonidan belgilanadi.
Shuningdek, mazkur toifadagi abituriyentlar uchun kirish imtihonlari har yili iyul oyida oliy ta’lim muassasalari qabul komissiyalari tomonidan e’lon qilingan muddatlarda o‘tkaziladi.
Imtihonlarda muvaffaqiyatli ishtirok etgan abituriyentlar – ko‘p balli baholash tizimida maksimal ballning kamida 55 foizini to‘plagan yoki besh balli tizimda «3», «4» yoki «5» baho olgan taqdirda – Davlat komissiyasi qaroriga muvofiq oliy ta’lim muassasasi rektori (direktori) buyrug‘i bilan tanlovsiz, qo‘shimcha davlat granti asosida talabalikka qabul qilinadi.
Mazkur tartib ko‘zi ojiz yoshlarning oliy ta’lim olish imkoniyatlarini yanada kengaytirish, ularning bilim va salohiyatini qo‘llab-quvvatlash hamda ta’lim sohasida teng imkoniyatlarni ta’minlashga xizmat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA