Ekologiya uchun innovatsiyalar
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus tumani hokimi Ziyovuddin Zaytov Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markaziga tashrif buyurib, faoliyatning asosiy yo‘nalishlari, amalga oshirilayotgan loyihalar va zamonaviy infratuzilma bilan tanishdi.
Tanishuv davomida tuman rahbariyatiga markazning ekologiya, qishloq xo‘jaligi, suvni tejash, iqlim o‘zgarishiga moslashish va Orolbo‘yi mintaqasini barqaror rivojlantirish sohalarida innovatsion yechimlarni joriy etishga qaratilgan faoliyati haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, xalqaro tashkilotlar va xorijiy hamkorlar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ilmiy-tadqiqot va tajriba-sinov loyihalari namoyish etildi.

Markazning ekologik tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish, namoyish maydonchalarini rivojlantirish, shuningdek, aholining ekologik xabardorligini oshirish borasidagi faoliyatiga alohida e’tibor qaratildi. Markaz vakillari hududdagi ekologik vaziyatni yaxshilashga qaratilgan treninglar, ta’lim dasturlari va amaliy tadbirlar haqida so‘zlab berishdi.
Tanishuv chog‘ida tuman hokimi Orolbo‘yi mintaqasini barqaror rivojlantirish, innovatsion yondashuvni joriy etish va tabiatdan foydalanish samaradorligini oshirish masalalarida markaz faoliyatining muhimligini ta’kidladi. Bunday tashabbuslar aholining ijtimoiy-iqtisodiy sharoitini yaxshilash va atrof-muhitni asrashda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Tashrif yakunida hokim markaz jamoasiga amalga oshirilayotgan ishlar uchun minnatdorlik bildirib, hududni rivojlantirish va Orolbo‘yi aholisi farovonligini oshirishga qaratilgan istiqbolli loyihalarni amalga oshirishda kelgusida hamkorlik qilishga tayyor ekanligini ta’kidladi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.