Dunyoning eng kuchli suzuvchilari Toshkentda jam bo‘ladi
Joriy yilning 8–10-oktabr kunlari Toshkent shahridagi "Olimpiya shaharchasi"ning Suv sporti saroyida suzish bo‘yicha jahon kubogining 2026-yilgi ikkinchi bosqichi o‘tkaziladi.
«Ipak yo‘li» turi doirasida tashkil etilayotgan musobaqada 40 davlatdan 228 nafar sportchi ishtirok etadi. O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida 51 nafar suzuvchi startga chiqadi.
Musobaqa dasturidan ayollar va erkaklar o‘rtasida jami 34 ta individual yo‘nalish o‘rin olgan. Unda sportchilar 50, 100, 200 va 400 metrga erkin usulda, 50, 100 va 200 metrga chalqancha usul, brass va batterflyayda, shuningdek, 100, 200 va 400 metrga kompleks suzish bo‘yicha bahs olib boradi. Ayollar 1500 metrga, erkaklar esa 800 metrga erkin usulda startga chiqadi.
8-oktabr kuni saralash bahslari soat 10:00 da boshlanib, finallar soat 19:00 da o‘tkaziladi. 9 va 10-oktabr kunlari esa saralashlar soat 10:00 da, finallar soat 18:00 da start oladi.
Toshkentdagi musobaqada jahon suzish sportining taniqli vakillari ham qatnashadi. Jumladan, Olimpiya chempioni Kameron Makevoy va to‘rt karra Olimpiya medali sohibi Shivon Xogi kabi sportchilar ishtirokchilar safidan joy olgan. O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida Eldor Usmonov, Ilya Sibirsev, Xurshidjon Tursunov, Anastasiya Zelenskaya, Parizod Abdukarimova, Osiyoxon Rejapova va Nigina Sharafova kabi suzuvchilar mamlakatimiz sharafini himoya qiladi.
Toshkent bosqichi 25 metrlik basseynda o‘tkaziladi. 2026-yilgi jahon kubogi «Ipak yo‘li» turi doirasida uch bosqichdan iborat bo‘lib, birinchi bosqich 1–3-oktabr kunlari Boku shahrida o‘tkazildi. Musobaqaning uchinchi bosqichi 15–17-oktabr kunlari Ostona shahrida bo‘lib o‘tadi.
Musobaqaning umumiy sovrin jamg‘armasi 1,2 million AQSH dollarini tashkil etadi. Bu summa jahon rekordini o‘rnatgan hamda uch bosqich yakunida «Crown» sohibiga aylangan sportchilar uchun qo‘shimcha mukofotlarni o‘z ichiga olmaydi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA