Dunyo yetakchilari Antaliyada
Bugun dunyo yetakchilari va hukumat rasmiylari – jami 5000 dan ziyod ishtirokchi ikki kun davom etadigan V Antaliya diplomatiya forumi (ADF-2026)da ishtirok etish uchun to‘plandi.
Anjuman 150 mamlakat vakili – 20 ga yaqin davlat va hukumat yetakchisi, 15 ga yaqin mamlakat rahbari o‘rinbosari, 40 dan ziyod tashqi ishlar vaziri, 75 xalqaro tashkilot vakili, shuningdek akademik, jurnalist va yoshlardan iborat minglab qatnashchini birlashtirdi.
Bugungi kunda xalqaro munosabatlar tizimi jiddiy o‘zgarish davrini boshdan kechirmoqda. Geosiyosiy keskinlik, kuch markazlari qayta taqsimlanishi, savdo-sanoat sohasida jiddiy to‘siqlar paydo bo‘lishi, ko‘p tomonlama hamkorlikka nisbatan bosim ortishi global muhitni yanada noaniq, qiyin holatga solgan.
“Ertangi kunni shakllantirish uchun noaniqlik bilan kurashish” mavzusida o‘tayotgan bu muhim tadbir xalqaro hamjamiyat uchun dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Forum kelajakni barpo etish yo‘lidagi muammolarni oldindan ko‘ra bilish, masalalarni to‘g‘ri baholash va samarali strategiya orqali boshqarish kabi muhim maqsadlarni ko‘zlaydi. Qolaversa,mavjud xavf va imkoniyatlarni aniqlash, siyosiy va iqtisodiy yo‘nalishda moslashuvchan qarorlar qabul qilish hamda erishilgan tajribani amaliyotga joriy etishga qaratilgan dolzarb mavzular ham kun tartibiga chiqqan.
Ma’lumki, chuqurlashib borayotgan mojarolar, kuchayib borayotgan qutblanish va strategik raqobat dunyo bo‘ylab barqarorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Muammolarga yechim topish uchun xalqaro hamkorlik, muloqot va birdamlikni yanada kuchaytirish zarurligi tobora ayonlashmoqda.
ADF-2026 aynan shu – yetakchi, diplomat, siyosatchi va akademiklar, biznes va ommaviy axborot vositalari vakillarini bir maydonda jamlab, global hamda mintaqaviy masalalarni muhokama qilish maqsadiga xizmat qiladi.
Ishtirokchilar ochilish marosimi, panel muhokamalari, inter faol sessiyalar va ikki tomonlama uchrashuvlar orqali jahon tendensiyalari hamda mintaqaviy rivojlanish sur’atini tahlil qiladi, yechimlar yuzasidan fikr almashadi, eng yaxshi amaliyotlarni o‘rtoqlashadi.
Rejalashtirilgan 40 dan ziyod tadbir va sessiya davomida global siyosiy tizim o‘zgarishi, iqtisodiy tendensiya, ekologik chaqiriq, texnologiya transformatsiyasi singari muhim mavzular atroflicha muhokama qilinadi.
Jumladan Bolqon tinchlik platformasi uchinchi majlisi, G‘azo masalasi bo‘yicha yuqori darajali uchrashuv, Turkiy davlatlar tashkiloti yig‘ilishi, Turkiya – Pokiston – Saudiya Arabistoni – Misr muloqoti xalqaro jamoatchilik diqqat markazida bo‘ladi.
Xullas, ADF-2026 xalqaro diplomatiya uchun muhim muloqot maydoni sifatida yana bir bor ahamiyatini namoyon etmoqda. Bu galgi anjuman dunyo yetakchilari o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlash, hamkorlikni kuchaytirish va barqaror kelajak uchun umumiy yo‘l xaritasini shakllantirishga ko‘maklashishi shubhasiz.
Zero, global noaniqlik kuchayib borayotgan bir sharoitda bunday platformalar xalqaro tizim barqarorligi va muloqot madaniyatini saqlab qolishda beqiyos ahamiyat kasb etadi.
Nodira Kayimova, O‘zA