O‘smirlar fojiasi ortidan: Turkiya maktablari “xavfsizlik zonasi”ga aylantirilmoqda
Turkiyada so‘nggi kunlarda sodir bo‘lgan maktab otishmalari ortidan ta’lim muassasalarida xavfsizlik choralarini kuchaytirish bo‘yicha keng ko‘lamli qaror qabul qilindi. Ichki ishlar vazirligi ko‘rsatmasiga binoan barcha maktablarda politsiya nazorati joriy etilib, kirish joylarida doimiy kuzatuv tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Bu qaror Qahramonmarashdagi fojiaviy voqea fonida qabul qilindi, unda 14 yoshli o‘quvchi tomonidan amalga oshirilgan otishmada 8 nafar o‘quvchi va 1 nafar o‘qituvchi halok bo‘lgan, yana bir necha o‘n kishi jarohatlangan. Tergov jarayonida hujum oldindan rejalashtirilgani, hatto “yaqin kelajakda yirik hujum” haqida qaydlar mavjud bo‘lgani aniqlangan.
Shuningdek, hujumchining ijtimoiy tarmoqlarda zo‘ravonlikka oid kontentlarga yaqin bo‘lgani va boshqa ommaviy hujumlarga ishora qiluvchi tasvirlardan foydalangani ham ma’lum bo‘ldi. Maktablarga politsiya joylashtirilishi va raqamli monitoringning kuchaytirilishi qisqa muddatda xavfsizlikni ta’minlashi mumkin, biroq bu choralar muammoning chuqur ildizlarini to‘liq bartaraf etmaydi. Chunki o‘smirlar orasida zo‘ravonlikka moyillik ko‘pincha bir zumda paydo bo‘ladigan hodisa emas, balki uzoq davom etgan emotsional bosim, ijtimoiy e’tiborsizlik, yolg‘izlik hissi yoki noto‘g‘ri axborot muhitining yig‘indisi natijasida shakllanadi. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda zo‘ravonlikni romantizatsiya qiluvchi kontentlar va ommaviy hujumlarni “taqlid modeli” sifatida ko‘rsatadigan materiallar yoshlar ongiga sezdirmasdan chuqur ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Shu sababli, o‘smirlar bilan ishlashda faqat nazorat va cheklovlarga tayanish yetarli emas, balki tizimli psixologik qo‘llab-quvvatlash ham zarur. Bu doirada maktablarda psixologik xizmatlarni kuchaytirish, o‘quvchilarning emotsional holatini erta aniqlash mexanizmlarini joriy etish va o‘qituvchilarni xavf belgilarini tanishga o‘rgatish muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, ota-onalar bilan hamkorlikni kuchaytirish, oiladagi nazorat va ishonch o‘rtasidagi muvozanatni saqlash ham hal qiluvchi omillardan biridir.
Munira Niyazimbetova, O‘zA