Dunyo chavandozlari Toshkentda bellashmoqda
Poytaxtimizdagi zamonaviy ot sporti majmuasi — “Universal Horses Stable” maydonida ot sportining konkur bahslari bo‘yicha jahon kubogi finalining 2-mintaqaviy saralash bosqichi qizg‘in va murosasiz bahslarga boy bo‘lmoqda.
Nufuzli musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi vakillari muvaffaqiyatli ishtirok etib, bugunga qadar 2 tadan oltin va bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Jumladan, 125 sm. balandlikdagi to‘siqlar osha ot sakratishda Alishep Erkinov “Cool dancer” laqabli tulporida, to‘siq balandligi 110 sm. bo‘lgan chavandozlar bahsida esa Ashrafxon Nig‘matov “Orange white” nomli otida oltin medalga ega chiqdi.

Shuningdek, ushbu yo‘nalishlarda Miryoqub Ismoilov (“Just perfect D’Amerloo”) va Humoyun Abdullayev (“United touch”) bronza medalga sazovor bo‘ldi.
Bugun jahon kubogining 2-mintaqaviy bosqichi finalida CSI1*-W (130 sm), CSI1*-W (160 sm) yo‘nalishlari bo‘yicha bahslar bo‘lib o‘tadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA