Toshkentda qilichbozlik bo‘yicha kattalar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati boshlandi
FOTOREPORTAJ
Poytaxtimizdagi “Respublika Kelajak markazi” sport majmuasida qilichbozlik bo‘yicha kattalar o‘rtasida O‘zbekiston chempionatiga start berildi.
Musobaqa O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi tomonidan yangicha formatda va xalqaro talablar asosida tashkil etildi. Hakamlar hay’ati tarkibidan mahalliy mutaxassislar bilan bir qatorda xalqaro darajadagi hakamlar ham o‘rin olgan.
Musobaqaning ochilish marosimida O‘zbekiston Qilichbozlik federatsiyasi raisi o‘rinbosari Hayot Zokirov so‘zga chiqib, sportchilarga davlatimiz rahbari tashabbusi doirasida mamlakatimizda sport sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va yangilanishlar haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, oldinda bo‘lib o‘tadigan Prezident Olimpiadasi doirasidagi qilichbozlik musobaqalarining ahamiyatini ham ta’kidladi.
Chempionat reglamentga muvofiq yakka va jamoaviy yo‘nalishlarda o‘tkazilmoqda. Ilk kunda shpaga yo‘nalishida bellashuvlar bo‘lib o‘tdi. Unda 66 nafar erkak va 51 nafar ayol sportchi mahoratini sinovdan o‘tkazdi.
Musobaqada yurtimizning turli hududlaridan — Navoiy, Buxoro, Andijon va Toshkent viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, shuningdek, Guliston, Farg‘ona va boshqa shaharlardan sportchilar qatnashmoqda.
[gallery-29181]
Musobaqa doirasida keskin raqobat va yangi chempionlar nomi aniqlanishi kutilmoqda.
O‘zA suratlari