Dunyo bozorida inflyatsiya kuchayib, oltin arzonlashyapti
Jahon sarmoyadorlari orasida inflyatsiya kuchaysa, oltin qimmatlashadi, degan qarash ommalashgan. Binobarin, hozir bozorda mutlaqo teskari manzara kuzatilyapti. AQSHda inflyatsiya so‘nggi uch yildagi eng yuqori darajaga chiqqan bir payt oltin narxi, to‘rtinchi oydirki, pasayishda davom etyapti. Yanada qizig‘i, tilla 2026-yil yanvar oyida qayd etilgan rekord darajadan qariyb chorak qiymatga arzonlashgan.
Mutaxassislar holatning asosiy sababini inflyatsiya emas, balki foiz stavkasi bilan izohlamoqda. Oltin aksiya yoki obligatsiya kabi daromad keltirmaydi. Shuning uchun markaziy banklar stavkani oshirganda investorlar yuqori daromadli aktivga o‘ta boshlaydi. Ayniqsa, AQSH Federal zaxira tizimi yangi rahbari Kevin Uorshning qat’iy yondashuvi bozorga kuchli signal bo‘ldi.
So‘nggi haftalarda sarmoyadorlar foiz stavkasi pasayishi emas, aksincha yana oshirilishini kuta boshladi. Shu tariqa tilla bozoridagi kayfiyat o‘zgardi. Ilgari oltin narxi bo‘yicha o‘ta umidvor faraz bergan yirik moliyaviy institutlar ham bahoni qayta ko‘rib chiqmoqda. Masalan, “Goldman Sachs” va “Bank of America” oltin qadri o‘sishi ehtimoli kamligini aytgan.
Tahlilchilar ta’kidlashicha, oltin har doim ham inflyatsiyadan himoya vositasi bo‘la olmaydi. Ya’ni, ko‘proq inflyatsiya yuqori bo‘lib, markaziy bank iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash uchun stavkani past ushlab turgan davrda yaxshi natija beradi.Hozirgi vaziyat esa boshqacha: yuqori stavka, kuchli dollar va barqaror iqtisodiy o‘sish tilla uchun jiddiy bosim omiliga aylanmoqda. Shu bois bozorda yangi xulosa paydo bo‘ldi: inflyatsiya o‘sishi oltin uchun mudom yaxshi yangilik emas.
Musulmon Ziyo, O‘zA