Drift bo‘yicha O‘zbekiston chempionatining birinchi bosqichi yakunlandi
Poytaxtdagi «Drift Arena» da drift bo‘yicha O‘zbekiston chempionatining qizg‘in bellashuvlarida kimlar shohsupani zabt etdi?
Poytaxtimizdagi «Drift Arena» trassasida ikki kun davom etgan drift bo‘yicha O‘zbekiston chempionatining birinchi bosqichi yakuniga yetdi.
Musobaqa natijalariga ko‘ra, maxsus nominatsiyalarda ham g‘oliblar aniqlandi. Hususan, «G‘alabaga bo‘lgan irodasi uchun» Sanjar Saydazov, «Eng tutunli yurish uchun» Husniddin Melikmurodov hamda «Kun avariyasi» Anvar Karimjonov g‘olib deb topildi.

Milliy hisobdagi bahslarda Senman Li birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, Diyorbek Shodiyev ikkinchi, Dilshod Yusupov uchinchi pog‘onadan joy oldi. Absolyut hisobda esa Artyom Ishkajonov chempionatning birinchi bosqichi g‘olibiga aylandi. Ushbu yo‘nalishda 2-3 o‘rinlar Senman Li va Diyorbek Shodiyev kabi poygachilarimizga nasib etdi.
Shu tariqa, drift bo‘yicha O‘zbekiston chempionatining birinchi bosqichi o‘z yakuniga yetdi. Musobaqa g‘olib va sovrindorlari tashkilotchilar tomonidan kubok, diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA