Dori vositalari xavfsizligini ta’minlashda xalqaro tajriba qo‘llaniladi
Farmatsevtika mahsulotlarini tartibga solish tizimini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish yo‘lida navbatdagi muhim qadam qo‘yilmoqda. Gap shundaki, xalqaro ekspert Dragosh Gutsu ikki nafar xalqaro hamkasbi bilan yurtimizga tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi rahbariyati bilan ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlash joizki, Dragosh Gutsu 2026-yil iyun oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-avgustdagi tegishli farmonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Markaz faoliyatini takomillashtirish jarayoniga jalb etilgan edi.
Uchrashuvda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Global Benchmarking Tool (GBT) baholash vositasi talablariga muvofiq milliy regulyator tizimni rivojlantirish va 2028-yilga qadar JSSTning uchinchi yetuklik darajasi — ML3 ga erishish masalalari muhokama qilindi.
Dragosh Gutsu boshchiligidagi uch nafar xalqaro ekspert Markazning tegishli tarkibiy bo‘linmalari bilan bevosita hamkorlikda ish olib boradi. Ular mavjud jarayonlarni tahlil qilish, amaliy tavsiyalar ishlab chiqish, xalqaro standartlarni joriy etish hamda mahalliy mutaxassislar bilan tajriba almashishga ko‘maklashadi.
Xalqaro ekspertlar bilan hamkorlik dori vositalari va tibbiy jihozlarning sifati, xavfsizligi va samaradorligini ta’minlash, shuningdek, O‘zbekistonning farmatsevtika sohasidagi regulyator salohiyati va xalqaro nufuzini oshirishga xizmat qiladi.
M.Qosimova,
O‘zA