Don ekinlari urug‘chiligi yo‘nalishida yangi hamkorlik istiqbollari
Poytaxtimizda Urug‘chilikni rivojlantirish markazi direktori Shuhrat Otajonov va Xitoyning "Sichuan Guahao Seed Industry" kompaniyasi vakillari uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv avvalida direktor mehmonlarga Markaz faoliyati, mamlakatimizda urug‘chilik tizimini rivojlantirish, yuqori reproduksiyali urug‘liklarni yetishtirish va sohada amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil ma’lumot berdi.

Muloqot davomida "Sichuan Guahao Seed Industry" kompaniyasi vakillari O‘zbekistonning urug‘chilik sub’ektlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istagini bildirdi. Shuhrat Otajonov esa bugungi kunda mamlakatimizda don ekinlari urug‘ligiga bo‘lgan talab va qiziqish ortib borayotganini ta’kidlab, ushbu yo‘nalishda xalqaro hamkorlikni kengaytirish muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.

Shuningdek, Markaz istiqbolli hamkorlik takliflarini ko‘rib chiqish va o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirishga ochiq ekanini bildirdi.
G.Boboyeva,
O‘zA