Dehqon yurtni boy qiladi
Ajdodlarimiz ona-zaminni rizq, nasiba manbai sifatida ulug‘lab kelgan. Bugunda ham yerga bo‘lgan munosabat va e’tibor ortib bormoqda deb ayta olamiz. Xalqimiz orasida yerni boqsang yer seni boqadi degan naql ham bekorga aytilmagan. Chunki, yer chindan ham boylik manbaidir.
Mamlakatimizda Kambag‘allikdan farovonlik sari dasturining ishlab chiqilganligida ham yerga bo‘lgan e’tiborni ko‘rish mumkin. Bu borada hududlarda keng ko‘lamli amaliy ishlar olib borilmoqda. Shu jihatdan aholining kambag‘al qatlamini qisqartirishda tomorqa muhim rol o‘ynamoqda. Ayniqsa, oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishda qadimiy dehqonchilik va zamonaviy tajribalar bir-biriga uyg‘unlashtirilishi o‘z samarasini bermoqda.
Jumladan, Buxoro viloyati Kogon tumanidagi O‘bacho‘li mahallasida aholining ko‘pchilik qismi qish faslida ixcham issiqxonalarda mehnat qilib daromad olmoqda. Xususan, tumanning Mevazor qishlog‘ida istiqomat qilayotgan Hasan To‘xtayev xonadonidagi issiqxonada qulupnay yetishtirish orqali oyiga 10 million so‘mgacha daromad olayotganligi e’tiborimizni tortdi. Tadbirkor oila gidroponika usulida mahsulot tayyorlaydi.
– Inson, avvalo, yer bilan sirlasha olishi kerak – deydi Hasan To‘xtayev. – To‘rt yildan buyon issiqxonada turli mahsulotlarni yetishtiramiz. Hozirda qulupnay ko‘chatlarini qadab, parvarishlab mo‘l hosil olishni niyat qilganmiz. Mehnat qilsa, yaxshi daromadga erishsa bo‘ladi. Kelajakda yana 5-10 sotiq yer olib qulupnaychilikni rivojlantirishni maqsad qilganmiz. Ayrim oilalar faqatgina yozda tomorqadan daromad qilsa, biz 12 oy daromad olishni reja qilganmiz. Bir sotiq yerdan oyiga 10 million so‘mgacha daromad olsa bo‘ladi.
[gallery-21359]
Qishloqda yerdan vaqtdan unumli foydalanib, ham ro‘zg‘origa, ham el dasturxoniga turli mahsulotlar yetkazib berayotgan xonadonlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Jumladan, Said Narziyev xonadonida turli ko‘katlar yetishtirilmoqda.
– Qulupnayning o‘ziga yarasha mehnati bor, – deydi tomorqa egasi Said Narziyev. – Aslida qulupnay namlikni xushlaydi. Ammo, namlik ortib ketsa rivojlanishi pasayib, hosilga ham zarar keltiradi. Mahalliy o‘g‘it bilan boyitilgan yerda nihollarning rivoji yaxshilanadi va hosili ham mo‘l bo‘ladi. Issiqxonada gullarining changlanishiga alohida ahamiyat berish lozim. Gullari to‘liq don tutib olishi uchun vaqti-vaqti bilan shamollatib turish lozim. Hozirda 10 mingdan ortiq nihol parvarishlanmoqda.
– Mahallamizda issiqxonachilik yaxshi rivojlangan, – deydi “O‘bacho‘li” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Nozimjon Haydarov. –Mahallamizdagi aksariyat xonadonda issiqxona mavjud bo‘lib, umuman tomorqadan yaxshigina foydalanib daromad olishmoqda. Nainki tomorqa balki fuqarolarimiz baliqchilikni ham rivojlantirib, yangi ish o‘rinlarini ham yaratishgan.
Hozirda yerdan foydalanishda intilish, izlanish va o‘rganish davr talabiga aylandi. Inson faqat mehnat bilangina emas, balki, ish ko‘zini bilib harakat qilsagina, ko‘zlangan maqsadga erishishi mumkin. Shu ma’noda yana mavzuni “O‘bacho‘li” mahallasi misolida davom ettirar ekanmiz, bu yerda tomorqadan foydalanish madaniyati yil sayin shakllanishi orqali oilalar daromadi oshib, farovonlikka yo‘l ochmoqda. Buni ushbu mahalla hududida yashovchi, suyagi mehnatda qotgan Shuhrat Davronovning tajribalari yana bir bor isbotlaydi.
– Issiqxonada bir yilda 4 marta hosil olishni tajribada sinab ko‘rdim, – deydi Shuhrat Davronov. – Hozirda sarimsoq piyoz yetilib qoldi. Hosilni yig‘ib olib, kartoshka ekamiz. Kartoshka hosilini olgandan so‘ng bodring ekamiz va iyun oyida hosil tayyor bo‘ladi. Undan so‘ng esa ismaloq ekishni rejalashtirganmiz. Issiqxonani uch yil oldin kreditga olgan edik. Bundan tashqari ochiq maydondagi yerimizda ham turli ekinlar ekib ro‘zg‘orimiz va aholi uchun mahsulotlar yetkazib berishga bel bog‘laganmiz.
Mahallada asalarichilik ilmini puxta egallaganlar ham bor. Shulardan biri Qumrabod qishlog‘ida yashovchi Ahad Hakimovdir. Hozirda, tadbirkorda 80 ta asalari oilasi bor. Bu borada 40 yillik tajribaga ega bu insonning ko‘plab shogirdlari ham to‘kinlik yo‘lida g‘ayrat-shijoat ko‘rsatmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, Kogon tumani O‘bacho‘li mahallasida kambag‘allikni qisqartirish uchun amaliy ishlar olib borilmoqda. Ayniqsa, mahalla aholisi davlatimizning ko‘rsatayotgan iqtisodiy ko‘magi yordamida yerni e’zozlab undan mo‘l hosil yetishtirish orqali o‘zini o‘nglab, qaddini rostlab olayotganligi bor gap. Shu orqali bozorlarimiz doimiy noz-ne’matlar bilan boyib bormoqda.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari