Davlat-xususiy sheriklik loyihasi: Farg‘onada yirik sog‘liqni saqlash ob’ekti barpo etiladi
Farg‘ona viloyatida 800 o‘rinli zamonaviy ko‘p tarmoqli shifoxonani xalqaro standartlarga muvofiq loyihalash, moliyalashtirish, qurish, jihozlash va uzoq muddatli texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha muhim kelishuvga erishildi.
Uch tomonlama tuzilgan ushbu bitim sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorov, “Vision International Investment Company” prezidenti va bosh ijrochi direktori Omar Al-Midani, “KOS Sonstruction Mekanik Elektrik Fe LLC” kompaniyasi bosh direktori Subutay Gyuzel tomonidan imzolandi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda Germaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi missiyasi rahbari o‘rinbosari Marion Edel ham ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, mazkur davlat-xususiy sheriklik loyihasi Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasida 2024–2030-yillarda davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq va Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan amalga oshirilmoqda. U Markaziy Osiyoda DXSH modeli asosida amalga oshirilayotgan eng yirik sog‘liqni saqlash ob’ektiga aylanishi kutilyapti.
Loyihaning umumiy investitsiyaviy qiymati qariyb 300 million AQSH dollarini, qurilish muddati esa 36 oyni tashkil etadi.

Yangi tibbiyot majmuasi Farg‘ona viloyatidagi beshta mavjud ixtisoslashtirilgan muassasani yagona kompleksga birlashtiradi. Mintaqa va unga tutash viloyatlar aholisiga kardiojarrohlik, neyrojarrohlik, organlar transplantatsiyasi, nefrologiya hamda ortopediya yo‘nalishlarida uchinchi darajali yuqori texnologik tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyati yaratiladi.
Shuningdek, majmua tarkibida 160 o‘rinli intensiv terapiya va shoshilinch tibbiy yordam bo‘limlari hamda barcha yordamchi klinik xizmatlar bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
Xususiy sherik — “Vision International Investment Company” (Saudiya Arabistoni) va “KOS Construction Mekanik Elektrik Fe LLC” (O‘zbekiston) kompaniyalaridan iborat konsorsium — loyihaning to‘liq sikli uchun mas’ul bo‘ladi.
Loyiha tuzilmasi Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC, Jahon banki guruhi)ning strategik ko‘magida hamda Germaniyaning Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot federal vazirligi (BMZ) moliyaviy qo‘llab-quvvatlashi bilan ishlab chiqilgan.
Shifoxonaning ilg‘or diagnostika va davolash infratuzilmasi bilan jihozlanishi resurslardan foydalanish samaradorligini oshirib, xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilaydi va bemorlarning davolanish uchun boshqa xorijiy davlatlarga borishiga hojat qoldirmaydi.
Yangi loyiha davlat va xususiy sektorning sog‘liqni saqlash sohasidagi muvaffaqiyatli hamkorligining pilot namunasi sifatida e’tirof etilmoqda, deyiladi
Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabarida.
M.Qosimova,
O‘zA