Davlat ijtimoiy buyurtmasi asosida bolalar reanimatsiya bo‘limi ochildi
Samarqand viloyatining Jomboy tumani markaziy shifoxonasi bolalar bo‘limida Oliy Majlis huzuridagi fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi moliyaviy ko‘magida 6 o‘rinli reanimatsiya bo‘limi tashkil etildi.
Fond tomonidan Jomboy tumanining “Sog‘liq – tuman boylik” nomli loyihasi davlat ijtimoiy buyurtmasi shaklida moliyalashtirilib, 3 milliard so‘m mablag‘ ajratildi va 39 turdagi zamonaviy tibbiy jihoz va uskunalar xarid qilinib, shifoxonada bolalarni jonlantirish bo‘limi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, bo‘lim yonida yengil konstruksiyali kutish zali qurildi
– Tumanimizda yashovchi 180 ming aholining 62 mingga yaqinini 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar tashkil etadi, – deydi loyiha tashkilotchilaridan biri Hafiza O‘sarova. – Shu nuqtai nazardan, markaziy shifoxonada bolalar reanimatsiya bo‘limining tashkil etilishi aholining muhim ehtiyojlaridan birini qondirishga qaratilgan. Chunki shu paytgacha og‘ir ahvoldagi bemor bolalar ham kattalar jonlantirish bo‘limida davolanishga majbur edi. Tabiiyki, bu bolalar bilan birga ularning ota-onalari ruhiyatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatardi. Endi bolalar bo‘limining o‘zida bunday imkoniyat yaratilishi bemor bolajonlarimizga o‘z vaqtida sifatli va zarur tibbiy yordam ko‘rsatishga xizmat qiladi.
Yangi bo‘limning foydalanishga topshirilishida Oliy Majlis huzuridagi fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi raisi O.Husanov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati A.Pardayev, Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i S.Zayniyev va tuman mas’ullari ishtirok etib, mazkur ijtimoiy loyihaning ahamiyatiga e’tibor qaratdi.
[gallery-31459]
– Samarqand viloyatida aholi turmush darajasini oshirish, muhim ijtimoiy masalalarni hal etishga qaratilgan bu kabi bir nechta loyihalarimiz bor, – dedi Oliy Majlis huzuridagi fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi direktori Otabek Husanov. – Jumladan, shu paytgacha viloyatning bir qator tumanlarida aholi ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash, kutubxonalar tashkil etish, mahallalar infratuzilmasini takomillashtirishga qaratilgan loyihalar, ijtimoiy buyurtmalar fond tomonidan moliyalashtirildi. Ayni paytda Qo‘shrabot tumani markaziy shifoxonasiga zamonaviy tibbiy jihoz ajratish bo‘yicha loyiha amalga oshirilmoqda. Davlat ijtimoiy buyurtmasi asosida bajarilayotgan bu kabi loyihalar fuqarolik jamiyati institutlarining hududlardagi ijtimoiy muammolarni hal etishdagi ishtirokini kengaytirish, davlat tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Tadbir ishtirokchilari yangi bo‘lim faoliyati, yaratilgan qulayliklar bilan yaqindan tanishdi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari