Davlat boshqaruvi samaradorligida Skandinaviya mamlakatlari tajribasi alohida ahamiyat kasb etadi
Davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, aholining turmush sifatini yaxshilash va barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar mohiyati sanaladi.
Ayni jihatdan Skandinaviya mamlakatlarining ijtimoiy yo‘naltirilgan davlatni barpo etish borasidagi tajribasi O‘zbekiston uchun alohida ahamiyat kasb etadi. Ushbu mamlakatlarda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasi aholi farovonlik darajasi nuqtai nazaridan eng muvaffaqiyatli namuna hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligida Shvetsiyaning Milliy savdo kengashi (Kommerskollegium) delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari Abdulla Abduqodirov olib borgan muzokaralarda Shvetsiya tomonidan savdo va hamkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha departament rahbari o‘rinbosari Sara Sandelius hamda departament menejeri Jenny Ikkelberg ishtirok etdi.
Uchrashuvda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar mohiyati batafsil taqdim etildi. Xususan, xalq bilan muloqotning rolini oshirish, strategik rejalashtirishni aholining ehtiyoj va kutishlaridan kelib chiqib shakllantirish hamda agentlikning joriy bosqichdagi ustuvor vazifalari haqida ma’lumot berildi.
Shu bilan birga, yagona strategik rejalashtirish tizimini shakllantirish, uning ma’muriy va huquqiy asoslarini yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar alohida ta’kidlandi.
Strategik hujjatlarni ishlab chiqish va amalga oshirish, davlat boshqaruvi mexanizmlarini takomillashtirish, zamonaviy rejalashtirish va islohotlar samaradorligini baholash yondashuvlarini joriy etish borasida tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.
Alohida qayd etildiki, ilg‘or xalqaro tajribani O‘zbekiston sharoitiga moslashtirish jarayonida Skandinaviya mamlakatlarining yuqori institutsional rivojlanish, ochiqlik va ijtimoiy yo‘naltirilgan siyosat borasidagi tajribasi alohida ahamiyatga ega.
Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni yanada rivojlantirishga o‘zaro manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar hamda tajriba almashish va samarali boshqaruv yechimlarini joriy etish bo‘yicha muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar.
A.RUSTAMOV, O‘zA