Dala seminarida innovatsion yechimlar namoyish etildi
Sirdaryo viloyatida qishloq xo‘jaligini zamonaviy texnologiyalar asosida rivojlantirishga qaratilgan amaliy seminar va innovatsion ko‘rgazma bo‘lib o‘tdi. Viloyat hokimligi hamda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Milliy tadqiqot universiteti hamkorligida tashkil etilgan tadbirda tuman hokimliklari, suv xo‘jaligi tashkilotlari, klasterlar, fermerlar va agrosohada faoliyat yuritayotgan mutaxassislar ishtirok etdi.
Tadbirda asosiy e’tibor qishloq xo‘jaligida suv va resurs tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish, yer unumdorligini saqlash hamda ilm-fan yutuqlarini amaliyotga tatbiq qilish masalalariga qaratildi.
Seminarda qatnashgan Erkinjon Turdimov sohada yuqori natijaga faqat ilmiy yondashuv orqali erishish mumkinligini ta’kidladi.
– Bugun Prezidentimiz har bir ish ilm asosida bo‘lishi kerakligini ta’kidlamoqda. Bu seminar ham ana shu vazifalarning amaliy ifodasi. Endi har bir qadamimiz ilmiy yondashuv bilan bo‘lishi zarur. Faqat ko‘rib ketish emas, o‘rganib, tatbiq qilib, ishlab chiqarishga joriy etish kerak. Ilm bor joyda hosildorlik ham, samara ham bo‘ladi, – dedi viloyat hokimi.
Seminar davomida dron orqali agroxizmat ko‘rsatish, melioratsiya mobil laboratoriyasi, energiya tejovchi uskunalar, urug‘larga plazmali ishlov berish, bioo‘g‘itlardan samarali foydalanish hamda tuproq namligini nazorat qiluvchi sensor tizimlari taqdim etildi.

Ayniqsa, suv tanqisligi sharoitida tuproq namligini aniq o‘lchaydigan sensorlar va tomchilatib sug‘orish texnologiyalari ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Mutaxassislar zamonaviy texnologiyalarning ishlash jarayonini amalda ko‘rsatib, ularning iqtisodiy samarasi haqida batafsil ma’lumot berdi.
Tadbir doirasida viloyat hokimligi va universitet o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Unga ko‘ra, ilmiy ishlanmalarni hududlarga joriy etish, agrosohada mutaxassislar tayyorlash va innovatsion loyihalarni amalga oshirish ishlari yanada kuchaytiriladi.

– Bu galgi tadbir oddiy yig‘in emas, haqiqiy dala seminari bo‘ldi. Fermerlar o‘zlarini qiynayotgan masalalarga shu yerning o‘zida amaliy yechim oldi. Yer unumdorligini oshirish, meliorativ holatni yaxshilash va suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha olimlar aniq tavsiyalar berdi. Eng muhimi, bu nazariy emas, amaliy ishlanmalardir, – dedi universitet rektori Bahodir Mirzayev.
Seminarda ishtirok etgan klaster rahbari Komilxo‘ja Eshonxonov ham qishloq xo‘jaligida yangi yondashuv shakllanayotganini qayd etdi.

Uning ta’kidlashicha, yangi texnologiyalar tuproq tarkibi va o‘simliklarning vegetatsiya jarayonini tahlil qilish orqali qaysi o‘g‘itni qancha miqdorda va qaysi vaqtda berish kerakligini aniq ko‘rsatib beradi. Bu esa ortiqcha sarf-xarajatlarni qisqartirish, tuproq sho‘rlanishining oldini olish va hosildorlikni oshirish imkonini yaratmoqda.
Ko‘rgazma qismida ishtirokchilar dronlar, mobil laboratoriyalar, plazma texnologiyalari va boshqa zamonaviy qurilmalar bilan yaqindan tanishdi. Mutaxassislar ularning imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berib, ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob qaytardi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri