COP29 doirasida O‘zbekiston uchun manfaatli bo‘lgan qanday kelishuvlarga erishildi?
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mutaxassislarining ta’kidlashicha, 2050 yilga borib aynan iqlim o‘zgarishi omillari sabab 1,2 milliardga yaqin odam yashash joyini tark etishga majbur bo‘ladi. 2030–2050-yillarda iqlim o‘zgarishi tufayli har yili 250 ming kishi bevaqt vafot etadi. Qayd etilishicha, iqlim muammosi salomatlik inqirozidir. Bu muammo, xususan, migrantlar sog‘lig‘iga kuchli ta’sir ko‘rsatadi.
Ma’lumki, iqlim o‘zgarishi sababli sodir bo‘layotgan salbiy oqibatlarning oldini olish maqsadida joriy yil 11-22 noyabr kunlari Ozarbayjonning Boku shahrida BMT Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi hadli konvensiyasi Tomonlari konferensiyasining 29-sessiyasi (COP29) tashkil etildi.
BMT Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi hadli konvensiyasi Tomonlari konferensiyasining 29-sessiyasi (COP29) doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, iqlim o‘zgarishlari bugungi kunda asosiy global tahdidga aylandi. Bu geosiyosiy keskinlikning kuchayishiga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda. Kambag‘allikka qarshi kurash, oziq-ovqat va energetik xavfsizlikni ta’minlash, ichimlik suvi va resurslaridan foydalanish muammolari kuchayib bormoqda.
Xo‘sh, tadbir doirasida O‘zbekiston uchun manfaatli bo‘lgan qanday kelishuvlarga erishildi?
Konferensiya davomida GGGI mamlakatni rejalashtirishning 2024–2028-yillarga mo‘ljallangan besh yillik dasturi imzolandi. To‘fon va qurg‘oqchilik xavfini boshqarishga doir yangi mintaqaviy loyiha bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi va BMT Taraqqiyot Dasturi o‘rtasida “MMBH 3.0 ni rivojlantirishda O‘zbekistonga ko‘mak” loyihasini amalga oshirishga qaratilgan maqsad bayonnomasi hamda Markaziy va G‘arbiy Osiyo o‘rtasida iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi deklaratsiya tasdiqlandi.
Shuningdek, Turkiy davlatlar tashkiloti atrof-muhit va ekologiya bo‘yicha mas’ul vazirlarining birinchi yig‘ilishi Deklaratsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi va “Conscious Planet” o‘rtasida “Save Soil” global harakatini O‘zbekistonda amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. GGGI bilan “yashil” iqtisodiyotga o‘tishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha 6,5 million dollar miqdorida grantlar ajratishni nazarda tutuvchi kelishuvga erishildi. Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi bilan umumiy quvvati 2000 MVt bo‘lgan 1,1 milliard dollarlik elektr energiyasini saqlash tizimlarini qurish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishuv imzolandi.
BAAning “Masdar” kompaniyasi bilan Navoiy viloyati Uchquduq tumanida 1000 MVt quvvatga ega shamol elektr stansiyasini qurish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha shartnoma tuzildi. O‘zbekiston Respublikasining maxsus tashkil etilgan milliy pavilonida Orolbo‘yi mintaqasining ijtimoiy-ekologik muammolarini hal etish, "yashil" iqtisodiyotni rivojlantirish, qayta tiklanuvchi energiya va suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, bioxilma-xillikni asrash va boshqa yo‘nalishlarda 20 tadan ortiq qo‘shimcha tadbir o‘tkazildi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA