Chiqindiga munosabat aholi salomatligiga hissadir
Bir qarashda oddiy ko‘rinadigan qoida bor: kanalizatsiyaga chiqindi tashlanmaydi. Ammo shu oddiy talabga rioya etilmasligi ortida nafaqat quvurning tiqilishi yoki ko‘chaga oqova suv toshishi, balki inson salomatligi va atrof-muhitga daxldor jiddiy xavflar turibdi. Zomin tumanida davom etayotgan profilaktik ishlar ana shu haqiqatni yana bir bor eslatmoqda.
Ayni paytda tumanda oqova suv tarmoqlarining barqaror ishlashini ta’minlash, mavjud nosozliklarni aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha amaliy ishlar izchil davom ettirilmoqda. Ishchi guruhlar tarmoqlarni muntazam ko‘zdan kechirib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etmoqda, aholi o‘rtasida kanalizatsiyadan to‘g‘ri va oqilona foydalanish yuzasidan tushuntirish-targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.

Biroq quvurni tozalashdan ko‘ra, uni tiqiltirmaslik, oldini olish osonroqdir. Maishiy va yirik chiqindilar kanalizatsiyaga tushirilganda, ular quvurlarda to‘planib, oqova suv harakatini sekinlashtiradi, tizimning ishdan chiqishi va iflos suvning tashqariga chiqishiga zamin yaratadi. Bu esa bir xonadon muammosi bo‘lib qolmay, butun mahallaning sanitariya holatiga ta’sir qilishi shubhasiz.

Masalaning eng tashvishli jihati shundaki, oqova suvdagi xavf ko‘zga ko‘rinmaydi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, xavfsiz bo‘lmagan sanitariya xizmatlari ich ketishi, vabo, dizenteriya, ich terlama, ichak qurtlari va boshqa kasalliklarning tarqalishi bilan bog‘liq. Hatto xavfsiz bo‘lmagan suv, sanitariya va gigiyena sharoiti har yili kamida 1,4 million inson o‘limiga olib keladi. 2020-yilda esa dunyoda hosil bo‘lgan maishiy oqova suvlarning 44 foizi xavfsiz tarzda tozalanmasdan chiqarilgan.

Demak, Zomindagi bir quvurga tashlangan chiqindi faqat mahalliy kommunal muammo emas. U sanitariya zanjirining bir halqasi sifatida suv, tuproq, atrof-muhit va oxir-oqibat inson salomatligiga daxl qiladi. Bugun tiqilgan quvur ertaga ifloslangan muhit, undan keyin esa kasallik xavfiga aylanishi mumkin.
Shu bois kanalizatsiya tizimining barqaror ishlashi faqat tegishli xizmatlarning emas, har bir xonadonning mas’uliyatidir. Chiqindini quvurga emas, belgilangan joyga tashlash jamoat salomatligini asrashga qo‘shilgan muhim hissadir.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri