Chang-to‘zon xavfi: Chegarada "yashil qalqonlar" qanday qurilmoqda? (+video)
Poytaxtgacha yetib kelgan chang-to‘zonlar ortidan boshlangan "yashil qalqonlar" loyihasi O‘zbekiston ekologiyasini qanday o‘zgartirmoqda? Mutaxassis bu borada muhim ma’lumotlarni taqdim etdi.
Ma’lumki, bundan bir necha yil avval kuchli shamollar hattoki poytaxtgacha chang-to‘zonlarni olib kelib, ko‘plab insonlarning sog‘ligiga katta xavf soldi. Shundan so‘ng davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan yashil maydonlar respublikamizning barcha hududlarida shiddat bilan kengaya boshladi. Jumladan, Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida shamol eroziyasining salbiy ta’sirini kamaytirish va ekologik vaziyatni yaxshilash maqsadida davlatimiz rahbarining 2024-yil 24-sentabrda 338-son qarori qabul qilinib, chegara hududlarida “yashil qalqonlar” barpo etila boshlandi. Bu borada joriy yilda Vazirlar Mahkamasining 135-son qarori ham qabul qilinib, ihota o‘rmonlarini barpo etish ishlari bugungi kunda ham davom ettirilmoqda.
Mazkur huquqiy hujjat doirasida amalga oshirilgan ishlar va bu o‘rmonlarni saqlash va ko‘paytirish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar xususida O‘rmon agentligi bosh mutaxassisi Jasurbek Rahimov bilan suhbatlashdik.
- Chegara hududlarida ihota o‘rmonlari yana davom ettiriladimi?
- Joriy yil 31-martda Vazirlar Mahkamasining “Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida shamol eroziyasining salbiy ta’sirini kamaytirish va ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 135-sonli qarori qabul qilinishi bilan O‘rmon agentligiga bir qancha topshiriqlar berilgan. Jumladan, Sirdaryo viloyatida 84 gektar maydonda “yashil devor”lar barpo etish bo‘yicha “Yashil loyiha” loyihalash instituti bilan birgalikda yer maydonlari aniqlanib, loyiha-smeta ishlari ishlab chiqildi.
Mirzaobod tumanida 5 km masofada qayrag‘och, tut, jiyda, sadaqayrag‘och kabi daraxt turlarini ekib, “yashil devorlar” barpo etildi va bugungi kunda ko‘chatlarni parvarishlash ishlari olib borilmoqda. Bundan tashqari Sirdaryo viloyatining Xovos, Oqoltin tumanlarida ham yashil devorlar barpo etish bo‘yicha yer maydonlarini tayyorlash, sug‘orish tizimlarini barpo etish bo‘yicha bugungi kunda amaliy tadbirlar boshlab yuborilgan. Kuzgi ko‘chat ekish mavsumiga start berilishi bilan ushbu tadbirlar amalga oshiriladi.
- Surxondaryo viloyatida bu borada qanday ishlar amalga oshirildi?
- Surxondaryo viloyatida esa “afg‘on shamoli”ga qarshi 1100 gektar maydonda “Yashil qoplamalar” barpo etish bo‘yicha ham topshiriqlar berilgan edi. Ushbu topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida “Yashil loyiha” loyihalash instituti tomonidan ishlab chiqilgan loyiha-smetaga asosan 520 gektar maydonda saksovul ko‘chatlarini ekish orqali “Yashil qoplamalar” barpo etildi. (davomi videoda)
Sanjar Toshpo‘latov,
Oybek Davronov,
Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA