Buxoro yoshlari – tanlov g‘olibi
Buxoroda umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida “Kamalak” bilimdonlari” ko‘rik-tanlovining mamlakat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Buxoroda umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida “Kamalak” bilimdonlari” ko‘rik-tanlovining mamlakat bosqichi bo‘lib o‘tdi.O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati hamkorligida tashkil etilgan tanlovning yakuniy bosqichida 14 jamoa ishtirok etdi.
– Mamlakatimizda yosh avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning zamonaviy ilm-fan, kasb-hunar sirlarini puxta o‘zlashtirishi uchun barcha sharoitlar yaratib berilmoqda, – deydi “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining “Kamalak” bolalar tashkiloti raisi Sarvar Ashurov. – O‘zbekistonda 2015-yilda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturi ushbu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirishda muhim dasturilamal bo‘layotir. Umumta’lim maktablarida amalga oshirilayotgan qator loyihalar, ijodiy tadbirlar, jumladan, “Kamalak” bilimdonlari” ko‘rik-tanlovi ham bu borada alohida o‘rin tutmoqda. Tanlovning quyi bosqichida 10 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan 396 ming o‘g‘il-qiz ishtirok etdi. Ana shu jarayonda “Kamalak” a’zolari tomonidan harakat faoliyatini yanada rivojlantirishga oid ko‘plab g‘oyalar ilgari surilgani ularda daxldorlik tuyg‘usi ortib borayotganidan dalolatdir.
Tanlovda tanishtirish mahorati, tashkilot faoliyatiga oid savol-javoblar, “Kamalak” quyi bo‘g‘inlari va o‘quvchilar hayotida yuzaga keladigan muammolar yechimini sahna ko‘rinishida talqin etish, shuningdek, yoshlarning faolligini yanada oshirish, ularda yetakchilik qobiliyatini shakllantirishga qaratilgan ijodiy loyihalar taqdimotini namoyish qilish shartlariga ko‘ra jamoalarning bilimdonligi, topqirligi baholandi.
Buxoro viloyati o‘quvchilari eng ko‘p ball to‘plab, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Xorazmlik o‘quvchilar ikkinchi, Sirdaryo, Jizzax va Navoiy viloyatlari vakillari uchinchi o‘rinni egalladi.
Ishtirokchilar Buxoro shahrining diqqatga sazovor joylari, jumladan, “Ko‘hna va boqiy Buxoro” monumenti bilan tanishdi. “Kamolot”, sen – tayanchim, ahdim va suyanchim!” shiori ostida o‘tkazilgan gala-konsert barchaga bayramona kayfiyat bag‘ishladi.