Interpolning “Trigger X” xalqaro operatsiyasida O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etdi
Sarayevo shahri (Bosniya va Gersegovina)da o‘qotar qurollarning noqonuniy aylanishi va u bilan bog‘liq transmilliy jinoyatchilik turlariga qarshi kurashishga qaratilgan Interpolning “Trigger X - Yevropa va Markaziy Osiyo” xalqaro operatsiyasi doirasida bir vaqtning o‘zida operatsiya oldi yig‘ilishi va mintaqaviy trening bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Interpol xalqaro jinoiy politsiya tashkilotining Bosh kotibiyati tomonidan Yevropa Ittifoqi ko‘magida “iARMS V” loyihasi doirasida tashkil etildi.
Unda Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlarining huquqni muhofaza qiluvchi idoralari hamda Interpol milliy markaziy byurolari vakillari qatnashdi.

O‘zbekiston Respublikasi nomidan IIV Interpol Milliy markaziy byurosi va IIV Bosh ekspert-kriminalistika markazi vakillari ishtirok etdi.
Kengash davomida ishtirokchilar o‘qotar qurollarning noqonuniy aylanishi bilan bog‘liq zamonaviy tahdidlar, xalqaro hamkorlik mexanizmlari hamda qo‘shma tadbirlarni muvofiqlashtirish masalalarini muhokama qildi.

Mintaqaviy trening doirasida Interpol Bosh kotibiyati ekspertlari tomonidan “iARMS” tizimidan foydalanish, qurollarni xalqaro darajada kuzatish, o‘qotar qurollar bilan bog‘liq jinoyatlarni tergov qilish va xalqaro kriminalistik vositalarni qo‘llash bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi xorijiy hamkorlar bilan amaliy tajriba almashdi hamda o‘qotar qurollarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish sohasidagi zamonaviy xalqaro yondashuvlarni o‘rgandi.
N.Abduraimova, O‘zA