Buxoro dalalarida yangi imkoniyatlar paydo bo‘ladi
Bugun dunyoda investitsiya uchun kurash tobora kuchayib, har bir hudud o‘zining tabiiy va iqtisodiy salohiyati bilan bir qatorda, zamonaviy texnologiyalarni qabul qilish qobiliyati, investor uchun yaratilgan muhit va aniq natija beradigan loyihalari bilan ham baholanmoqda. Ayniqsa, suv taqchilligi, energetika barqarorligi, qishloq xo‘jaligi samaradorligi kabi masalalar dolzarb tus olgan bir sharoitda yangi texnologiyalarni jalb etish hayotiy zaruratga aylanmoqda.
O‘zbekistonda keyingi yillarda aynan shu maqsadga qaratilgan islohotlar izchil davom ettirilmoqda. Davlat rahbari tashabbusi bilan mamlakatda investitsiya muhitini yanada yaxshilash, xorijiy sarmoyani faol jalb etish, ishlab chiqarishga ilg‘or texnologiyalarni olib kirish, suv resurslaridan oqilona foydalanish va qishloq xo‘jaligida yuqori samaradorlikka erishishga ustuvor ahamiyat berilmoqda. Buxoro viloyatidagi so‘nggi muloqotlardan biri ana shu keng ko‘lamli siyosatning amaliy ifodasi bo‘ldi.
Viloyat hokimi Botir Zaripov Misrning yirik va nufuzli kompaniyalaridan biri — “Elsewedy” vakillari bilan uchrashib, hududda yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuv avvalida Buxoro viloyatining investitsiya salohiyati, xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar, zamonaviy texnologiyalarni jalb etish, sanoat va infratuzilmani rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Bugun Buxoro nafaqat boy tarix va sayyohlik salohiyati bilan, balki sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi, suv xo‘jaligi va infratuzilma sohalaridagi ulkan imkoniyatlari bilan ham xorijiy investorlar e’tiborini tortmoqda.

Ayniqsa, suv resurslaridan samarali foydalanish, qishloq xo‘jaligi yerlarining unumdorligini oshirish, energiya ta’minotini mustahkamlash va zamonaviy muhandislik infratuzilmasini yaratish bo‘yicha hududda katta ehtiyoj va imkoniyat mavjud. Misrlik investorlarning qiziqishi ham aynan shu yo‘nalishlarga qaratilgani bejiz emas.
Misrda tashkil etilgan “Elsewedy” kompaniyasi 85 yildan ortiq tarixga ega bo‘lib, energetika, elektrotexnika, muhandislik-qurilish, infratuzilma, suv xo‘jaligi va qishloq xo‘jaligi sohalarida yirik loyihalarni amalga oshirib kelayotgan xalqaro kompaniya hisoblanadi. Shu jihatdan qaraganda, mazkur kompaniya bilan hamkorlik Buxoro uchun oddiy investitsiya kelishuvidan ko‘ra kengroq mazmun kasb etishi mumkin. Chunki gap faqat mablag‘ jalb etish haqida emas. Bu yerda zamonaviy texnologiya, yangi ish usullari, xalqaro tajriba, muhandislik yechimlari va mahalliy salohiyatni bir nuqtada birlashtirish imkoniyati haqida so‘z bormoqda.
Kompaniya vakillari Buxoro viloyatida, xususan, qishloq xo‘jaligi yerlarini o‘zlashtirish va ularning unumdorligini oshirish, zamonaviy sug‘orish texnologiyalarini joriy etish, suv ta’minoti infratuzilmasini rivojlantirish, nasos stansiyalari va quduqlar barpo etish, elektr ta’minoti hamda yo‘l infratuzilmasini tashkil etish yo‘nalishlarida hamkorlik qilishga qiziqish bildirdi.
Uchrashuvda “Elsewedy” kompaniyasining markaziy aylanma — pivot sug‘orish tizimlari bo‘yicha tajribasi alohida e’tibor markazida bo‘ldi. Kompaniyaning ushbu turdagi sug‘orish uskunalarini ishlab chiqarish quvvati yiliga 20 ming donaga yetishi qayd etildi. Bu raqamning o‘ziyoq zamonaviy sug‘orish texnologiyalari qanchalik katta ko‘lamda yo‘lga qo‘yilganini anglatadi.

Bugun qishloq xo‘jaligida asosiy masala faqat ko‘proq yerga ekin ekish emas. Eng muhimi — mavjud yer va suv resurslaridan oqilona foydalanib, kam xarajat evaziga yuqori hosildorlikka erishishdir. Shu nuqtai nazardan, suvni tejaydigan va ekin maydonlarini samarali sug‘orish imkonini beradigan zamonaviy tizimlarni Buxoro sharoitiga moslashtirish muhim ahamiyat kasb etadi. Agar bu texnologiyalar keng joriy etilsa, suv sarfining kamayishi, mehnat unumdorligining oshishi, hosildorlikning ko‘payishi va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari tannarxining pasayishiga erishish mumkin.
Muloqotda qishloq xo‘jaligi sohasida kompleks yondashuvga asoslangan loyihalarni amalga oshirish masalasi ham muhokama qilindi. Ya’ni, “loyihalash — qurish — infratuzilma bilan ta’minlash — sug‘orish tizimini joriy etish” tamoyili asosida ishlash taklif etilmoqda. Bu esa investor faqat bitta ob’ektni qurib ketishi emas, balki muayyan hududda yaxlit qishloq xo‘jaligi infratuzilmasini shakllantirishini anglatadi. Yer o‘zlashtiriladi, suv ta’minoti yo‘lga qo‘yiladi, nasos stansiyalari va quduqlar barpo etiladi, elektr energiyasi yetkazib beriladi, yo‘llar tashkil etiladi va eng muhimi, zamonaviy sug‘orish tizimi ishga tushiriladi. Natijada hududda yangi iqtisodiy zanjir vujudga kelishi, yangi ish o‘rinlari yaratilishi va qishloq aholisining daromad manbalari kengayishi mumkin. Tomonlar energetika sohasida ham istiqbolli yo‘nalishlarni muhokama qildi. Xususan, elektr stansiyalari, podstansiyalar va elektr uzatish tarmoqlarini barpo etish, suv xo‘jaligida suv ta’minoti va oqova suv tizimlarini modernizatsiya qilish, sanoat infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Bu yo‘nalishlar bir-biri bilan uzviy bog‘liq. Chunki zamonaviy qishloq xo‘jaligini energiyasiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Suvni chuqurlikdan tortib chiqarish, nasos stansiyalarini ishlatish, sug‘orish tizimlarini boshqarish, qayta ishlash korxonalarini barpo etish — barchasi barqaror energiya ta’minotini talab qiladi. Shuning uchun ham “Elsewedy” bilan muzokaralarning bir vaqtning o‘zida qishloq xo‘jaligi, suv xo‘jaligi, energetika va infratuzilma masalalarini qamrab olgani alohida ahamiyatga ega.

E’tiborlisi, bunday hamkorliklar mamlakatda davlat rahbari tomonidan ilgari surilayotgan investitsiyalarni jalb qilish, eksport salohiyatini oshirish, hududlarning iqtisodiy imkoniyatlaridan samarali foydalanish, suvni tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish va zamonaviy ishlab chiqarishni tashkil etishga qaratilgan tashabbuslarning Buxoro viloyatidagi amaliy davomi sifatida namoyon bo‘lmoqda. Bugun xorijiy investor uchun eng muhim mezon — gapdan ko‘ra natija. Investor yer, infratuzilma, energiya, suv, logistika, kadrlar va bozor masalalarida aniq kafolat va qulay muhitni ko‘rishni istaydi. Buxoroda esa ana shu masalalarni kompleks hal etishga qaratilgan yondashuv tobora kuchaymoqda. Viloyat hokimining “Elsewedy” kompaniyasi ilg‘or texnologiyalari va xalqaro tajribasidan samarali foydalanish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga tayyor ekanini ta’kidlagani ham hamkorlikka berilgan yuksak e’tibordan dalolatdir.
Uchrashuv yakunida hamkorlikni davom ettirish, aniq loyihalar bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish, keyingi bosqichda ularning texnik-iqtisodiy jihatlarini muhokama qilishga kelishib olindi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri