Navoiy viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti hamda Janubiy Koreyaning Jeonju shahrida joylashgan Jeonbuk milliy universiteti rahbariyati o‘rtasida onlayn muzokara o‘tkazilib, ikkala oliy ta’lim dargohi o‘rtasida hamkorlik kelishuvi imzolandi.
Mazkur memorandumga asosan talaba va professor-o‘qituvchilar almashinuvi qo‘shma loyihalarini o‘z ichiga olib, dastlabki bosqichda universitetning 10 nafar, keyinchalik 40 nafargacha talabasini Janubiy Koreyada grant asosida o‘qishini tashkil etish belgilangan.
Jeonbuk milliy universiteti Janubiy Koreyaning muhandislik, robototexnika, sun’iy intellekt, elektronika, materialshunoslik va boshqa texnologik yo‘nalishlarda ilmiy tadqiqotlarga katta e’tibor beradigan nufuzli oliy ta’lim dargohlaridan biri sanaladi.
***
Navbahor tumanidagi 19-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi mukammal ta’mirlash va rekonstruksiya ishlaridan so‘ng foydalanishga topshirildi.

Maktabning mavjud 240 o‘rinli o‘quv binosi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-dekabrdagi “Navoiy viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Islom taraqqiyot banki va xalqaro OPEK mablag‘lari hisobidan mukammal ta’mirlandi. Shuningdek, loyiha doirasida maktabning 240 o‘rinli qo‘shimcha o‘quv binosi barpo etildi. Loyihaning umumiy qiymati 3,6 milliard so‘mni tashkil etib, qurilish-ta’mirlash ishlari “Muzaffar Shahribonu poydevori” MCHJ tomonidan amalga oshirildi.
Natijada maktabning o‘quv xonalari va ichki infratuzilmasi yangilanib, o‘quvchi hamda pedagoglar uchun qulay, xavfsiz va zamonaviy ta’lim muhiti yaratildi.
***
Karmana tumanidagi “Yangiariq” MFY hududida joylashgan “INDUSTRIAL GLOBAL GROUP” MCHJ da “Mahalliy xomashyolar asosida superplastifikatorlar olish” innovatsion loyihasi amalga oshirilmoqda.

Umumiy qiymati 1 milliard so‘m bo‘lgan loyihaning 600 million so‘mi grant mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilgan. 2022-yilda ishga tushirilgan loyiha doirasida 11 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. 2023-2026-yillar davomida 4,2 milliard so‘mlik mahsulot sotilgan.
Joriy yilda korxona Xitoydan 250 ming AQSH dollari qiymatidagi zamonaviy va energiya tejamkor uskuna hamda jihozlarni olib kelib, ishlab chiqarish quvvatini kengaytirdi. Natijada 2026-yilning 9 oyida 2,5 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, sotildi.
A. Bo‘riyev, O‘zA muxbiri