Bugun Superliganing 22-turi doirasida ikki uchrashuv bo‘lib o‘tadi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 22-turidan o‘rin olgan ikki uchrashuv o‘tkaziladi.
Aniqroq aytadigan bo‘lsak, dastlab G‘uzordagi «Markaziy» stadionida soat 18:00 da «Mash’al» — «Paxtakor» bahsi boshlanadi. Kunning ikkinchi uchrashuvi Toshkentdagi «Jar» stadionida «Bunyodkor» va «Buxoro» jamoalari o‘rtasida o‘tkaziladi. Mazkur bahs soat 20:15 da start oladi.
«Mash’al» — «Paxtakor» bahsi oldidan jamoalarning shu kunga qadar chempionatlarimiz doirasida o‘tkazgan o‘yinlari statistikasiga nazar tashlasak. Klublar o‘zaro 41-marta to‘qnash kelgan. Ularning 30 tasida «Paxtakor» g‘alaba qozongan, «Mash’al» 5 ta uchrashuvda zafar quchgan. Yana 6 bahsda durang qayd etilgan.
O‘zaro uchrashuvlarda «Paxtakor» 84 ta gol urgan bo‘lsa, «Mash’al» 26-marta raqib darvozasini ishg‘ol qilgan. G‘uzordagi 20 bellashuvda poytaxtliklar 11-marta g‘alaba qozonib, 5 ta durang va 4 ta mag‘lubiyat qayd etgan.
Qayd etish joiz, Superliganing 22-turi kecha boshlandi. Dastlabki bahsda «Navbahor» o‘z maydonida «Dinamo» ustidan 3:2 hisobidagi g‘alaba qozondi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA