Atletlar shaharchasida O‘zbekiston delegatsiyasini kutib olish marosimidan fotoreportaj
Kecha Aichi-Nagoya-2026 yozgi Osiyo o‘yinlarida ishtirok etayotgan O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari uchun Atletlar shaharchasida tantanali kutib olish marosimi tashkil etildi.
«Garden Pier» bog‘ida joylashgan Atletlar shaharchasida o‘tkazilgan tadbirda Sport vaziri Adham Ikromov hamda OOK vitse-prezidenti, MOQ raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari ishtirok etdi.
Tadbir davomida tashkiliy qo‘mita vakillari O‘zbekiston delegatsiyasini samimiy qutlab, sportchilarimizga Osiyo o‘yinlarida munosib ishtirok etish va yuqori natijalar qayd etishlarini tiladi.
Shundan so‘ng tantanali marosimning muhim lahzalaridan biri – O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi. Ishtirokchi davlatlar bayroqlari qatorida O‘zbekiston bayrog‘i ham baland ko‘tarilib, delegatsiyamizga nisbatan hurmat va ehtirom ifodalandi.
Marosim doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi vakillariga Aichi-Nagoya-2026 yozgi Osiyo o‘yinlari bilan bog‘liq esdalik sovg‘alari ham topshirildi.
Tadbir yakunida A.Ikromov hamda O.Umarov O‘zbekiston delegatsiyasi nomidan «Garden Pier» bog‘ida ko‘chat o‘tqazib, mazkur xalqaro sport forumi xotirasiga ramziy tuhfa qoldirdi.
[gallery-31516]
Aichi-Nagoya-2026 yozgi Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan sportchilarimiz sportning turli yo‘nalishlarida bahslarga kirishib, yurtimiz delegatsiyasining munosib ishtirokini ta’minlash uchun kuch sinashmoqda.
O'zA fotomuxbiri Sarvar O'rmonov Aichi - Nagoyadan xabar beradi