Boshoqli don ekish ishlariga start berildi
Shu kunlarda, mamlakatimizda kelgusi yil hosili uchun kuzgi boshoqli don ekinlarini ekish mavsumiga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda. Bunda hududlarda 2027-yil hosili uchun boshoqli don ekinlarini ekish bo‘yicha ko‘rgazmali seminarlar tashkil etilmoqda.
Xususan, Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanidagi “Ravshan Ismatullo Rustam” fermer xo‘jaligi va Namangan viloyatining Chust tumanidagi «Abdulla Ro‘zimatov» fermer xo‘jaligida ham yangi mavsumga bag‘ishlangan dastlabki ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi.

Unda viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, sohaga mas’ul mutaxassislar hamda tegishli tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Seminar davomida kuzgi boshoqli don ekinlarini agrotexnik muddatlarda ekish, yerga sifatli ishlov berish, urug‘likni to‘g‘ri tanlash va ekish texnologiyasiga rioya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, yuqori va sifatli hosil yetishtirishda zamonaviy agrotexnologiyalardan samarali foydalanish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
Respublika bo‘ylab bu kabi ko‘rgazmali seminarlar boshqa viloyat va tumanlarda ham bosqichma-bosqich o‘tkazilishi kutilmoqda.
G.Boboyeva, O‘zA