Bosh vazir o‘rinbosari xotin-qizlar bilan manzilli ishlash tizimini o‘rgandi
Bosh vazir o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Dilnoza Kattaxonova Navoiy viloyatida bo‘lib, mahallalarda xotin-qizlar bilan ishlash tizimi, xotin-qizlar balansini shakllantirish ishlari samaradorligi, xotin-qizlarning ijtimoiy holati, bandligi, ehtiyojlari va mavjud muammolarini o‘rgandi.
Bugungi kunda Navoiy viloyatida 499 ming 739 nafar xotin-qiz istiqomat qiladi. Ularning 277 ming 601 nafari, ya’ni 55,6 foizi reproduktiv yoshdagi ayollardir.
O‘rganishlar jarayonida Navoiy shahrining Ishonch, Karmana tumanining Azamat va Xatirchi tumanining Xo‘jaqo‘rg‘on mahallalarida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishildi. Joylarda mahalla “yettiligi” faoliyati, xotin-qizlarni xatlovdan o‘tkazish, ularning ijtimoiy holatini baholash, ehtiyojlarini aniqlash hamda har bir ayol bilan individual ishlash jarayonlari tahlil qilindi. Xotin-qizlar balansini shakllantirishda ma’lumotlarning haqqoniyligi, bandlikni ta’minlash, kasb-hunarga o‘qitish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va manzilli ijtimoiy xizmatlarni tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuvlarda Navoiy shahri va Xatirchi tumani xotin-qizlar balansini shakllantirish bo‘yicha namunaviy hudud sifatida tanlangani qayd etildi. Mazkur tizim har bir xotin-qizning ijtimoiy holatini chuqur o‘rganish, huquqiy, psixologik, ijtimoiy va iqtisodiy ko‘makni manzilli yo‘naltirish, muammolarni erta aniqlash hamda ularga samarali yechim topish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilmoqda. O‘rganishlar davomida namunaviy hududlarda yo‘lga qo‘yilgan amaliyot, mahalla “yettiligi” faoliyati va mas’ul tashkilotlarning o‘zaro hamkorligi ham tahlil qilindi.
Tashrif davomida “Ayollar daftari” va “Ijtimoiy reyestr”ga kiritilgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ham o‘rganildi.

Xatirchi tumanida istiqomat qiluvchi II guruh nogironi Gulsanam Husanovaga daromad manbaini yaratish maqsadida 30 million so‘mlik ssuda ajratilgan edi. U ushbu mablaqqa mayda shoxli mol xarid qilib, xonadonida chorvachilikni yo‘lga qo‘ygan.
Vazir o‘rinbosari G.Husanova xonadonida bo‘lib, u bilan suhbatda bo‘ldi. Taklif va muammolari bilan qiziqdi.
Karmana tumanida esa tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan xotin-qizlarning faoliyati, ular uchun yaratilgan imkoniyatlar va yangi ish o‘rinlari tashkil etish bo‘yicha amaliy tajribalar ko‘zdan kechirildi.

Xizmat safari doirasida oila institutini mustahkamlash, nikohlanuvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda yosh oilalar va aholi murojaatlari bilan ishlash tizimiga ham e’tibor qaratildi. Jumladan, “Oila maskani” faoliyati, xotin-qizlar va oilalarga ko‘rsatilayotgan huquqiy, psixologik hamda ijtimoiy xizmatlar samaradorligi tahlil qilindi.

Bosh vazir o‘rinbosari Navoiy shahar tug‘ruq majmuasida ham bo‘lib, muassasada onalar va chaqaloqlarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati, yaratilgan shart-sharoitlar hamda tibbiy jarayonlarni tashkil etish holati bilan tanishdi. Uchrashuvlar davomida ona va bola salomatligini muhofaza qilish, tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, zamonaviy yondashuvlarni keng joriy etish va aholi uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish masalalari muhokama qilindi.
Navoiy viloyati Xotin-qizlarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hududiy bo‘limida esa vaqtincha boshpana topgan xotin-qizlar bilan muloqot o‘tkazildi. Ular duch kelgan hayotiy qiyinchiliklar, bugungi ehtiyojlari va kelgusi rejalari tinglandi. Ayni paytda mazkur muassasada 9 nafar xotin-qiz uchun xavfsiz muhit yaratilgan bo‘lib, ularga psixologik, huquqiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatilmoqda.

O‘rganishlar yakunida xotin-qizlar bilan ishlash tizimida manzillilik va natijadorlikni yanada oshirish, xotin-qizlar balansini sifatli shakllantirish, har bir murojaat va muammoga individual yondashish hamda ijtimoiy xizmatlar qamrovini kengaytirish bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifalar belgilab berildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri