Bo‘lajak askarlar Registondan harbiy xizmatga kuzatildi
Samarqand shahridagi Registon maydonida muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan yigitlarning navbatdagi guruhini tantanali kuzatish marosimi o‘tkazildi.
Tadbirda viloyat hokimligi, mudofaa ishlari boshqarmasi mas’ullari, harbiy xizmatchilar, keng jamoatchilik vakillari va bo‘lajak askarlarning ota-onalari ishtirok etdi.


Viloyat hokimi Adiz Boboyev Vatanimiz oldidagi fuqarolik burchini ado etishga shaylangan yigitlarni milliy armiyamiz saflarida xizmat qabul qilinayotgani bilan tabrikladi. Mamlakatimiz Qurolli Kuchlarida xizmat qilish bugun fuqarolar uchun sharafli ishga aylangani, askarlar xizmatni o‘tash davomida kasb-hunar egallashi, xorijiy tillarni o‘rganishi va o‘z kelajagi uchun mustahkam poydevor yaratishi mumkinligini ta’kidladi.


Marosimda harbiylar, ota-onalar ham so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi safiga qo‘shilayotgan askarlarga xizmatni o‘tashda muvaffaqiyat tiladi.

Tadbirda harbiylarning ko‘rgazmali chiqishlari, harbiy orkestr musiqiy dasturi namoyish etildi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri