Buxoro ziyorati: qardoshlik rishtalarining yangi va yuksak bosqichi
Bugungi kunda Markaziy Osiyo mintaqasida shakllangan yangi siyosiy muhit va yaxshi qo‘shnichilik tamoyillari qardosh xalqlar o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik rishtalarini sifat jihatidan mutlaqo yangi bosqichga olib chiqdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning mamlakatimizga amalga oshirgan davlat tashrifi nafaqat ikki tomonlama aloqalar, balki butun mintaqamiz tarixida muhim siyosiy va ma’naviy voqea sifatida e’tirof etilmoqda. Ushbu tashrif o‘zbek va tojik xalqlarining taqdiri bir, maqsadi mushtarak ekanini, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari endilikda qaytmas tus olganini yaqqol namoyon etdi. Keyingi yillarda davlat rahbarlarining kuchli siyosiy irodasi tufayli ikki mamlakat o‘rtasidagi ishonch muhiti tiklanib, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik misli ko‘rilmagan sur’atlarda rivojlanmoqda.
Bu, o‘z navbatida, ikki davlatning iqtisodiy qudratini oshirish bilan bir qatorda, mintaqada barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashning eng muhim kafolati bo‘lib xizmat qilmoqda.
Davlat tashrifi doirasida ikki mamlakat yetakchilarining qadimiy va navqiron Buxoro shahriga tashrifi alohida ramziy va ma’naviy ahamiyat kasb etdi. Islom sivilizatsiyasining yirik markazlaridan biri bo‘lgan Buxoro zaminidagi muqaddas qadamjolar ikki xalqni bog‘lab turuvchi umumiy tarixiy ildizlar va madaniy qadriyatlarning mushtarakligini yana bir bor tasdiqladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev uchrashuvlar davomida: “O‘zbekiston va Tojikiston xalqlarini ko‘p asrlik do‘stlik, mushtarak tarix, madaniyat va ma’naviy qadriyatlar birlashtirib turadi. Bizning strategik sherikligimiz — mintaqaviy barqarorlik va izchil taraqqiyotning muhim omilidir”, deya alohida qayd etdi.

Ziyorat jarayonida "Yetti pir" majmualari va tarixiy obidalar bilan tanishar ekan, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon ham o‘z hayajonini yashirmay: «Buxoro — nafaqat O‘zbekiston, balki butun mintaqamizning iftixori. Bu yerdagi obidalar va muqaddas qadamjolar bizning ma’naviy ildizlarimiz bir ekanini, madaniyatimiz va tariximiz uzviy bog‘langanini isbotlaydi», deya ta’kidladi. Bunday samimiy muloqotlar va ajdodlar merosiga ko‘rsatilgan yuksak ehtirom ikki xalq o‘rtasidagi ma’naviy ko‘priklarni yanada mustahkamladi.
Xulosa qilib aytganda, Prezident Emomali Rahmonning O‘zbekistonga davlat tashrifi, xususan, Buxorodagi tarixiy qadamjolarga amalga oshirilgan ziyorati ikki qardosh xalqning ko‘ngil rishtalari naqadar chuqur ekanining amaliy ifodasi bo‘ldi. Bu uchrashuvlar faqatgina siyosiy kelishuvlar bilan cheklanib qolmay, xalqlarimizning madaniy-ma’naviy birligini yangi mazmun bilan boyitdi hamda kelgusidagi ko‘p qirrali hamkorlik uchun mustahkam zamin yaratdi.
Bugungi shiddatli davrda bunday yaqinlik va hamjihatlik mintaqamizda tinchlikni asrash, yosh avlodni ajdodlar merosiga sodiqlik ruhida tarbiyalash va umumiy farovonlikka erishish yo‘lida beqiyos ahamiyatga egadir. Zero, tarix sinovlaridan o‘tgan, buyuk allomalar duosi bilan sug‘orilgan o‘zbek-tojik do‘stligi endilikda yangi davrning ulkan yutuqlariga asos bo‘lib xizmat qilaveradi. Ushbu tarixiy tashrif yakunlari ikki mamlakat munosabatlarida yangi bir "oltin davr" boshlanganidan dalolat beradi va bu do‘stlik kelgusi avlodlar uchun ibrat maktabi bo‘lib qoladi.
Dilorom G‘afforova,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi
Shofirkon tumani bo‘linmasi rahbari