Bokschi qizlarimiz U19 yosh toifasida Osiyo chempioni bo‘ldi
Indoneziya poytaxti Jakarta shahrida boks bo‘yicha U19 va U23 yosh toifasida o‘tayotgan chempionatning U19 yosh toifasidagi qizlar bellashuvlari mamlakatimiz vakillari uchun har jihatdan omadli kechdi.
Shiddatli kechgan janglar sarhisobiga ko‘ra, 10 ta vazn toifasining 8 tasida ringga ko‘tarilgan terma jamoamiz a’zolari 4 ta oltin, 2 ta kumush medalga egalik qilgan holda umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi.
Bokschi qizlarimizdan Sabrina Chakomanova, Sevara Mamatova, Rushanabonu Isoyeva, Samira Turg‘unova oltin, Nazokat Mardonova va Maftuna Yangiyeva kumush medalga egalik qildi.
Ayni paytda U23 yosh toifasidagi bokschi qizlarimizdan Gulsevar G‘aniyeva, Xumorabonu Mamajonova, Mushtariybonu Ibrohimjonova, Sevinch Xurramova, Rayhona Qurbonboyeva, Ruxshona Parpiyeva, Sobiraxon Shahobiddinova qit’a birinchiligining final janglarida ishtirok etmoqda.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA