“So‘g‘diyona” ustunlikni saqlab qola olmadi
Futbolda hisobni ochish – g‘alabaga tashlangan muhim qadam. Ammo uni saqlab qolish, ayniqsa, uchrashuvning hal qiluvchi pallasida bosimga dosh berish ham alohida mahorat va ruhiy barqarorlikni talab etadi. Zomin shaharchasida kechgan “So‘g‘diyona” – OKMK bahsi aynan shu haqiqatni yana bir bor ko‘rsatdi. O‘zbekiston chempionatining 22-turidan o‘rin olgan uchrashuvda jizzaxliklar birinchi bo‘limda 1:0 hisobida oldinga chiqdi. Biroq yakunda g‘alaba mehmonlar tomonida bo‘ldi.
Bahsning dastlabki qismida “So‘g‘diyona” faolroq ko‘rindi. Mezbonlar hujumga intildi, OKMK esa to‘p nazorati orqali o‘yinda o‘zini topishga urindi. Biroq dastlabki daqiqalarning o‘ziyoq maydondagi asosiy muammoni ko‘rsatib qo‘ydi: mezbonlar imkoniyat yaratishda ustunlik qilgan bo‘lsa, mehmonlar ularni samarali yakunlay olmaslikdan foydalanish uchun qulay fursat kutayotgan edi.
10-daqiqada Milan Mitrovich OKMK futbolchisining birga-bir vaziyatda gol urishiga yo‘l qo‘ymadi. 17-daqiqada esa mehmonlar futbolchisi Nodir Abdurazzoqov hisobni ochishi mumkin bo‘lgan imkoniyatdan foydalana olmadi. Oradan bir daqiqa o‘tib, Hamidullo Abdunabiyevning “seyv”i esa OKMK darvozasini xavfdan asradi.
25-daqiqaga kelib “So‘g‘diyona” o‘z imkoniyatidan unumli foydalandi. Lyupcho Doriyevning burchakdan yetkazib bergan to‘pini Filip Ivanovich boshi bilan darvozaga yo‘llab, hisobni ochdi – 1:0.

Hisob “So‘g‘diyona” foydasiga o‘zgarganidan keyin mezbonlar uchun eng muhimi – o‘yin jilovini qo‘lda ushlab qolish edi. Ammo birinchi bo‘lim yakuniga qadar OKMK to‘p nazoratida ustunlikni saqlab qoldi. Bu ustunlik hali hisobda aks etmagan bo‘lsa-da, keyingi bo‘lim uchun jiddiy ogohlantirish edi.
Tanaffusdan so‘ng Mirjalol Qosimovning qarorlari ham o‘yin taqdiriga ta’sir qildi. OKMK tarkibida Arihiro Sentoku, Asadbek Sobirjonov va Abror Karimov maydonga tushirildi. Ulug‘bek Baqoyev ham Petar Michin va Zabihullo O‘rinboyevni o‘yinga qo‘shdi. Biroq aynan shu pallada mehmonlarning harakatlaridagi shiddat sezilarli kuchaydi. “So‘g‘diyona” esa birinchi bo‘limdagi faolligini bir maromda davom ettira olmadi.

60-daqiqada OKMK darvozasi oldida jiddiy xavf yaratildi, lekin to‘p darvoza chizig‘ini kesib o‘tmadi. 67-daqiqada esa zaxiradan maydonga tushgan mehmonlar futbolchisi Asadbek Sobirjonovning uzatmasidan keyin Giorgi Papavaning bosh bilan yo‘llagan zarbasini Milan Mitrovich qaytardi. Oradan ko‘p o‘tmay, “So‘g‘diyona” legioneri Petar Michinning kuchli zarbasi Hamidullo Abdunabiyev tomonidan bartaraf etildi.
O‘yin oxirlashgan sari “So‘g‘diyona” futbolchilarida toliqish sezildi. Maydon egalari buni his qilgan bo‘lsa-da, o‘yinni o‘z nazoratiga qaytarish uchun yetarli darajada ta’sirchan choralar ko‘ra olmadi.

Natijada 83-daqiqada mehmonlarning jiddiy bosimi o‘z samarasini berdi. Arihiro Sentoku ijro etgan jarima zarbasidan keyin himoyadagi palapartishlikdan Giorgi Papava foydalanib, hisobni tenglashtirdi – 1:1. VAR vaziyatni tekshirdi va gol inobatga olindi.
Bu gol “So‘g‘diyona” uchun shunchaki hisobning tenglashishi emas, balki uchrashuvdagi ruhiy ustunlikning qo‘ldan chiqib ketganini anglatardi. Hali mezbonlarda vaziyatni to‘g‘rilash uchun vaqt bor edi. Ammo bor-yo‘g‘i to‘rt daqiqa o‘tib, yana bir zarba golga sabab bo‘ldi.
87-daqiqada o‘sha tinib-tinchimas yaponiyalik legioner Sentokuning ajoyib uzatmasini Nodir Abdurazzoqov boshi bilan golga aylantirdi – 1:2.

Shu tariqa bir necha daqiqa ichida 1:0 hisobida oldinda borayotgan “So‘g‘diyona” 1:2 hisobida ortda qoldi. Futbolning shafqatsizligi ham shunda: 80 daqiqadan ortiqroq vaqt davomida qo‘lda turgan ustunlik, bir necha daqiqalik futbolchilarning e’tiborsizligi va o‘yinga jismonan har tomonlama tayyor bo‘lmasligi g‘alabaning qo‘ldan ketishiga sabab bo‘ldi.
Ayniqsa, OKMK murabbiylari topshirig‘i asosida “So‘g‘diyona” sardori, chempionat to‘purari Lyupcho Doriyevga ushbu bahsda golli zarba uchun biror marta imkoniyat berilmagani ham mehmonlar rejasining muhim qismi bo‘ldi. Mezbonlar esa raqibning bu rejasiga munosib javob topa olmadi. Eng muhimi, hisobni saqlab qolish uchun zarur bo‘lgan sovuqqonlik so‘nggi daqiqalarda yetishmadi.
“So‘g‘diyona” bosh murabbiyi Ulug‘bek Baqoyev uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida jamoa bahsni yaxshi boshlaganini, birinchi bo‘limda futbolchilar harakatidan e’tirozi yo‘qligini aytdi. Ammo u ikkinchi bo‘limda o‘yin ko‘ngildagidek chiqmaganini ham tan oldi. Murabbiyning “futbolni 90 daqiqa davomida to‘liq o‘tkazish kerak” degan fikri esa uchrashuvning o‘ziga berilgan eng aniq bahodek yangradi.

Darhaqiqat, bu bahsda “So‘g‘diyona”ning asosiy yo‘qotishi uch ochkoning o‘zi emas. Jamoa 1:0 hisobida oldinda bora turib, o‘yinni nazorat qilish, raqib bosimini yumshatish va eng muhimi, uchrashuvni o‘z foydasiga yakunlash imkoniyatini qo‘ldan chiqardi. OKMK esa aksincha, hisobda ortda qolganiga qaramay, o‘yin oxirigacha kurashdi va bu harakatini ikki gol bilan mustahkamladi.
Bugun Urganchda “Xorazm” va Navoiyning “Qizilqum” jamoalari o‘rtasidagi bahs bilan 22-turga yakun yasaladi. Shundan so‘ng FIFA kunlari munosabati bilan Superligada 22-sentabrdan 8-oktabrgacha tanaffus bo‘ladi. Chempionat bahslari 9-oktabrdan qayta davom etadi.
Bu tanaffus “So‘g‘diyona” uchun oddiy taqvimiy uzilish emas, balki o‘yindagi og‘riqli nuqtalarni bartaraf etish uchun berilgan fursat bo‘lishi kerak. Chunki Zomindagi uchrashuv bir haqiqatni ochiq ko‘rsatdi: g‘alabani xohlashning o‘zi kam, uni oxirgi hushtakka qadar himoya qila olish ham kerak.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri