Bojxona tizimida nazorat kuchaytirilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi muvofiqlashtiruvida tashkil etilgan ishchi guruh Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi hamda uning quyi tuzilmalari faoliyatini atroflicha o‘rgandi.
Monitoringdan ko‘zlangan asosiy maqsad narkotik vositalar, qurol-yarog‘ va boshqa taqiqlangan buyumlarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurash samaradorligini baholash, mavjud imkoniyatlarni tahlil qilish hamda sohadagi ishlarni yanada takomillashtirishdan iborat bo‘ldi.

O‘rganishlar davomida Kontrabandaga qarshi kurashish tezkor tuzilmasi, “Buxoro aeroporti”, “Olot” va “Xo‘jadavlat” chegara bojxona postlari, shuningdek, “Buxoro” hamda “Qorako‘l” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postlarida xizmatni tashkil etish holati yaqindan ko‘zdan kechirildi. Mutaxassislar tomonidan nazorat jarayonlarining samaradorligi, xavflarni barvaqt aniqlash mexanizmlari hamda texnik jihozlardan foydalanish darajasi tahlil qilindi.
Tahlillar natijasida bojxona postlarida zamonaviy texnik nazorat vositalaridan samarali foydalanilayotgani alohida e’tirof etildi. Shu bilan birga, chegara hududlarida xizmat olib borayotgan kinologiya bo‘linmalari faoliyatini yanada rivojlantirish masalasiga ham katta e’tibor qaratildi. Xususan, xizmat itlarining narkotik moddalarni aniqlash bo‘yicha ko‘nikmalarini muntazam oshirib borish, yangi turdagi psixotrop va sintetik giyohvandlik vositalarini o‘z vaqtida fosh etish bo‘yicha tajriba almashish ishlari muhokama qilindi.

Bojxona organlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar salmoqli natijalar bermoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yil davomida viloyat bojxona boshqarmasi ishtirokida 54 ta qonunbuzarlik holati aniqlangan. Natijada noqonuniy aylanmadan 2 kilogramm 720 gramm porox moddasi, 189 dona o‘q-dori (patron va gilzalar), 6 dona ov quroli, 1 dona pnevmatik qurol hamda 48 dona sovuq qurol musodara qilingan.
Joriy yilning o‘tgan davrida ham bu boradagi ishlar izchil davom ettirildi. Xususan, 19 ta huquqbuzarlik holati fosh qilinib, 1 kilogramm 795 gramm porox moddasi, 36 dona o‘q-dori, 5 dona ov quroli, 3 dona pnevmatik qurol va 19 dona sovuq qurol olib qo‘yilgan.

Ishchi guruh tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar yakunlarida nafaqat tezkor va nazorat tadbirlari, balki profilaktika ishlarini kuchaytirish masalasiga ham alohida urg‘u berildi. Ayniqsa, aholi va tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida giyohvandlik vositalari hamda noqonuniy qurol-yarog‘ muomalasining salbiy oqibatlari haqida tushuntirish ishlarini kengaytirish, huquqiy madaniyatni yuksaltirish va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish bo‘yicha tegishli mas’ullarga aniq vazifalar belgilab berildi.
Buxoro viloyati bojxona organlarida amalga oshirilayotgan tizimli nazorat va tezkor tadbirlar mamlakat xavfsizligini ta’minlash, kontrabanda va noqonuniy aylanmalarga qarshi kurashishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, zamonaviy texnologiyalar, kinologiya xizmatlari va idoralararo hamkorlikning samarali yo‘lga qo‘yilgani huquqbuzarliklarning oldini olish imkoniyatlarini kengaytirmoqda. Profilaktika ishlarining kuchaytirilishi esa jamiyatda huquqiy ong va mas’uliyatni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri