Bojxona mas’ullari – tadbirkorlar huzurida
O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasining Tadbirkorlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi mas’ul xodimlari Xorazm viloyatida bo‘lib, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari bilan uchrashishdi.
Unda vakolatli iqtisodiy operator maqomi, uni olish talablari, afzalliklari hamda sohadagi so‘nggi o‘zgarishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 4-avgustdagi tegishli qarori bilan “Vakolatli iqtisodiy operatorlar to‘g‘risida”gi nizomning yangi tahriri tasdiqlangani alohida ta’kidlandi.
Mazkur hujjat bilan vakolatli iqtisodiy operatorlar faoliyatini yanada takomillashtirish, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish hamda ularga qo‘shimcha qulayliklar yaratishga qaratilgan yangi imkoniyatlar belgilandi.

Muloqot davomida tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishda yuzaga kelayotgan masalalar, ularning yechimlari hamda tadbirkorlar uchun mavjud imkoniyatlar muhokama etildi.
– Uchrashuv davomida bir qator tadbirkorlar vakolatli iqtisodiy operator maqomiga ega bo‘lishga qiziqish bildirdi, – deydi viloyat bojxona boshqarmasi axborot xizmati rahbari Laylo G‘aniyeva. – Jumladan, "NEW BEST STYLE", "JAYXUN INVEST", "KHIVA CLUSTER", "SILKWAYTEX" hamda "QO'SHKO'PIR-PARRANDA" kabi mas’uliyati cheklangan jamiyatlar tomonidan vakolatli iqtisodiy operator maqomini olish uchun arizalar taqdim etildi. Ayni paytda mazkur arizalar belgilangan tartibda ko‘rib chiqilmoqda.
Uchrashuvdan so‘ng mas’ul xodimlar “GLASS PRO” mas’uliyati cheklangan jamiyatining ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.

Muloqotlarda mavjud imkoniyatlar, tadbirkorlik sub’ektlari uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar hamda vakolatli iqtisodiy operator maqomining amaliy ahamiyati va afzalliklari yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.
Ahmadjon Shokirov,
O‘zA muxbiri