Iqtisodiyotda qaysi tarmoqlar ko‘proq o‘sish imkoniyatini beradi?
Bugun iqtisodiyotni rivojlantirishda faqat qancha mahsulot ishlab chiqarilayotgani emas, uning qanchalik murakkab va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega ekani ham muhim.
Qaysi tarmoqlarda o‘sish imkoniyati bor, qaysi mahsulotlarni ishlab chiqarish va eksport qilish mamlakatga ko‘proq manfaat keltiradi — bunday savollarga aniq ma’lumot va tahlil asosida javob topish zarur.

Shu maqsadda Raqobat qo‘mitasi huzuridagi Raqobat siyosati va iste’molchilar huquqlari tadqiqotlari markazi tomonidan Garvard universitetining Iqtisodiy murakkablik indeksi metodologiyasi bo‘yicha onlayn trening tashkil etildi.
Treningda iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, ya’ni mamlakatda yangi va raqobatbardosh tarmoqlarni rivojlantirish, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish hamda eksport imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Mashg‘ulotni Garvard universitetining Iqtisodiy murakkablik indeksi metodologiyasi hammuallifi, professor Sezar Hidalgo olib bordi. Unda iqtisodiyotning qaysi yo‘nalishlarida salohiyat yuqori ekanini ma’lumotlar asosida baholash, mavjud imkoniyatlarni aniqlash va shu asosda samarali qarorlar qabul qilish bo‘yicha ilmiy-amaliy yondashuvlar taqdim etildi.
Iqtisodiy murakkablik indeksi mamlakatning «nimani ishlab chiqara olishi va yana nimalarni ishlab chiqarishga qodirligi»ni baholashga yordam beradi. Bu esa kelgusida yangi tarmoqlarni tanlash, eksport turlarini ko‘paytirish va yuqori daromad keltiradigan mahsulotlarga o‘tish uchun muhim tahliliy vosita hisoblanadi.
Trening yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi, metodologiyadan iqtisodiy tahlil va qaror qabul qilishda foydalanish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.
Mazkur tadbir orqali O‘zbekistonda iqtisodiy jarayonlarni raqam va dalillar asosida baholash, sanoat va eksportda yangi o‘sish nuqtalarini aniqlash hamda uzoq muddatli rivojlanish qarorlarida zamonaviy tahlil usullaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish maqsad qilingan.
Nigora Rahmonova, O‘zA