Bog‘ichinorliklarning ko‘p yillik muammosi hal bo‘ldi
Toyloq tumani Bog‘ichinor mahallasidagi bir necha yildan buyon nosoz bo‘lgan suv inshooti 5 milliard so‘m mablag‘ evaziga rekonstruksiya qilinib, 860 ta xonadon, ya’ni 4,3 ming nafar aholi ilk bor markazlashgan toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi.
Shu yilning aprel oyida Samarqand viloyati hududlarida bo‘lgan Prezident Administratsiyasi rahbari S.Mirziyoyeva Toyloq tumani Bog‘ichinor mahallasi aholisi bilan uchrashganda hududda markazlashgan toza ichimlik suvi muammosi borligi qayd etilgan va bu masala uch oy ichida hal etilishi aytilgandi.
Belgilangan chora-tadbirlar asosida qisqa vaqtda suv inshooti rekonstruksiya qilinib, bitta yangi suv qudug‘i qazildi, har biri 250 kub metr bo‘lgan suv saqlash hovuzi (rezervuar) qurildi, 12 kilometr masofaga yangi suv tarmog‘i tortildi. Bu ishlar bilan birga mahalla hududida keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari ham amalga oshirildi va Bog‘ichinor bugun ko‘rkam maskanga aylandi.


Suv inshootini foydalanishga topshirish marosimida Samarqand viloyati hokimi A.Boboyev ishtirok etib, bu o‘zgarishlar davlatimiz rahbarining inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan islohotlarining bir ko‘rinishi ekanligini ta’kidladi.
Shu kuni Toyloq tumanida Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligiga tuhfa sifatida yana bir qator yangi ob’ektlar ochildi.

Jumladan, Sochak mahallasida “ORZU ABLAKULOV SERVIS” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan zamonaviy mebel va mebel mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yangi korxona faoliyat boshladi va bu yerda 50 kishining bandligi ta’minlandi. Varsin mahallasi hududida esa “BRO BEANS” qo‘shma korxonasi tomonidan turkiyalik tadbirkor bilan hamkorlikda xususiy maktab va logistika markazi tashkil etildi. Mazkur loyiha tufayli bu yerda yiliga 55 milliard so‘mlik xizmatlar ko‘rsatish va 90 kishining bandligini ta’minlash imkoniyati yaratildi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri