“O‘zkimyosanoat” AJ: 5 nafar yoshga kasbiy faoliyati uchun zarur vositalar topshirildi
Mamlakatimizda yoshlarni ish bilan ta’minlash, ularning kasbiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish va tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu borada joylarda amalga oshirilayotgan manzilli ishlar yoshlarning bandligini ta’minlash, ularni mehnat bozoriga faol jalb etish hamda barqaror daromad manbaini yaratishda muhim ahamiyatga ega.
Ana shunday tashabbuslar doirasida “O‘zkimyosanoat” AJ ishchi guruhi Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanidagi Paxtachi mahallasida istiqomat qiluvchi ishsiz yoshlar bilan manzilli uchrashuvlar o‘tkazmoqda. Suhbatlar davomida ularning qiziqishlari, kasbiy ko‘nikmalari, kelgusi rejalari va ehtiyojlari atroflicha o‘rganilib, har bir yoshning imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda bandligini ta’minlash bo‘yicha amaliy yechimlar ishlab chiqildi.
Mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan mazkur ishlar yana bir muhim amaliy natija bilan davom ettirildi. Xususan, “O‘zkimyosanoat” AJ tomonidan 5 nafar yoshga ular tanlagan kasb va faoliyat yo‘nalishiga mos mehnat vositalari hamda zarur asbob-uskunalar beg‘araz topshirildi. Bu esa ularning o‘z mehnat faoliyatini boshlashi, o‘zini o‘zi band qilishi va barqaror daromad manbaini shakllantirishi uchun muhim zamin yaratdi.

Jamiyat axborot xizmatiga ko‘ra, bunday manzilli qo‘llab-quvvatlash tadbirlari yoshlarning iqtisodiy faolligini oshirish, ularning mehnat bozorida munosib o‘rin egallashi hamda tadbirkorlik tashabbuslarini ro‘yobga chiqarishga xizmat qilmoqda.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA