Bugungi murakkab va o‘zgaruvchan geosiyosiy sharoitda davlat rahbarlarining jahon minbaridan turib bildirgan siyosiy bayonot va tashabbuslari nafaqat muayyan mamlakat tashqi siyosatidagi ustuvor yo‘nalishlarni belgilaydi, balki mintaqaviy va global miqyosdagi istiqbolli jarayonga ham ta’sir ko‘rsatadi.
Shu jihatdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh Assambleyasi 80-yubiley sessiyasida so‘zlagan nutqi xalqaro hamjamiyat e’tiborini tortayotgan muhim siyosiy voqelik sifatida alohida e’tirof etilmoqda.
Mazkur nutqda davlatimiz rahbari xalqaro maydondagi dolzarb muammolarga chuqur strategik baho berib, ularni hal etish bo‘yicha aniq va amaliy takliflarni ilgari surdi. Bu takliflar jahon hamjamiyatida tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish hamda global inqirozlarga qarshi samarali yechimlar ishlab chiqishga qaratilgan bo‘lib, Yangi O‘zbekiston tashqi siyosiy konsepsiyasining uzviy davomi sifatida namoyon bo‘ldi, deyish mumkin.
O‘zA muxbiri Prezidentimiz nutqida bayon etilgan muhim siyosiy fikrlar, tashabbus va takliflarning mintaqa va jahon hamjamiyati uchun ahamiyati xususida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Tahliliy tadqiqotlar markazi direktori, siyosiy fanlar doktori, professor Sayfiddin Jo‘rayevning fikrlarini yozib oldi.
– Davlatimiz rahbari jahon minbaridan turib, xalqaro hamjamiyat uchun muhim ahamiyat kasb etayotgan bir qator umumjahon va mintaqaviy jarayonlarning holati va rivojlanish tendensiyalari, ularning dunyo hamjamiyati rivojlanishiga ta’siri hamda ko‘lamini Markaziy Osiyo nuqtai nazaridan kelib chiqib, strategik tahlil qilgan holda siyosiy baho berdi. Shuningdek, mavjud muammolarni yechish bo‘yicha o‘zining qator tashabbus va takliflarini ilgari surdi.
Birinchidan, Prezidentimiz bugungi xalqaro vaziyatga strategik baho berarkan, dunyo shiddat bilan o‘zgarayotgan murakkab global vaziyatda ekani va mutlaqo yangi xavotirli geosiyosiy voqelik vujudga kelayotganini ta’kidlab, xalqaro institutlarning o‘rni va roli zaiflashayotgani, qarama-qarshilik, nizo va urushlar kuchaygani, texnologik va ijtimoiy tengsizlik keskin oshib borayotgani, iqtisodiy va gumanitar inqiroz ortib borayotganiga alohida urg‘u berdi.
O‘zbekiston yetakchisi ayni oqimda bu jarayonlarni ijobiy yo‘naltirish maqsadida tashkilotning faoliyati va kelajagiga yangicha yondashish, asosiy platforma sifatida saqlab qolishga qaratilgan “BMT -80” tashabbusi, Kelajak uchun paktga qat’iy sodiqlik sa’y-harakatini yuksak baholab, universal nodir xalqaro tuzulma – Xavfsizlik Kengashini transformatsiya qilish va uning tarkibini kengaytirish taklifini ilgari surdi.
Ushbu baho va tashabbusning siyosiy ahamiyati ikki holat bilan farqlanadi – zamonaviy xavf-xatarlarga qarshi samarali kurashish va rivojlanayotgan davlatlar manfaatini himoya qilish.
Ikkinchidan, Markaziy Osiyoni tinchlik, yaxshi qo‘shnichilik va sheriklik makoniga aylantirish bo‘yicha zamonaviy xalqaro siyosat nazariyasi va amaliyoti, tartiboti asosida ilgari surilgan baholar va tavsiyalar nihoyatda dolzarb. Jumladan, Shavkat Mirziyoyev Yangi Markaziy Osiyoda sakkiz yil oldin boshlangan harakatlar bo‘yicha strategik maqsadga erishilgani, bugungi kunda mintaqamizda yopiq chegaralar, bahs va nizolar davri tarixga aylanganini ta’kidlashi bir tomondan, o‘zining so‘zida tura olishi, ilgari surgan tashabbuslarini amalga oshirish bo‘yicha qat’iyligi va izchilligini jahon siyosati minbari oldida namoyon qildi. Bu borada keyingi yillarda mintaqada o‘zaro savdo, investitsiya va transport tashuvi hajmi besh barobargacha ko‘paygani, qo‘shma investitsiya jamg‘armalari, chegara hududlarida savdo va sanoat zonalari tashkil etilayotgani, yirik infratuzilma loyihalari amalga oshirilayotgani haqidagi ob’ektiv faktlar keltirishi ayniqsa ahamiyatli bo‘ldi.
Uchinchidan, Prezidentimiz Markaziy Osiyo davlat rahbarlari Maslahat uchrashuvlari mintaqaviy integratsiyani chuqurlashtirish yo‘lida samarali mexanizmga aylangani va bu jarayonning siyosiy mantig‘i Yangi Markaziy Osiyo shakllantira boshlangani, deya strategik baho bergani alohida jarangladi.
Davlatimiz rahbari siyosiy bahosisha ko‘ra, mintaqamiz hamjihatligi, barqarorligi, o‘ziga xosligi bilan xalqaro munosabatlar tizimida alohida sub’ekt sifatida tobora mustahkam o‘rin egallamoqda. Bu xarakatlarni qo‘llab-quvvatlash, kengaytirish va chuqurlashtirish bo‘yicha istiqbolli taklifni ilgari surdi. O‘lkamiz barcha xorijiy sheriklar bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni kengaytirishi, BMT tuzilmalari bilan Markaziy Osiyoda qator yangi loyiha va dasturlar amalga oshirilishi ta’kidlandi. ECOSOC va UNCTAD shafeligida Markaziy Osiyo davlatlarining iqtisodiy taraqqiyoti masalalariga bag‘ishlangan xalqaro forum o‘tkazish, UNIDO bilan sanoatda “yashil” texnologiyalar mintaqaviy xabini tashkil etish, mintaqamizda suv resurslaridan oqilona foydalanish, “yashil” makon barpo etish hamda demografik barqarorlikka erishish bo‘yicha dasturlar qabul qilish, shuningdek Bosh Assambleya Markaziy Osiyo mamlakatlarida mintaqaviy sheriklik va iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirishga qaratilgan harakatlarni qo‘llab-quvvatlashga doir rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbuslari o‘z vaqtidaligi nafaqat mintaqamiz, balki dunyo ahamiyatiga ega ekanini ko‘rsatadi.
To‘rtinchidan, Afg‘oniston muammosini zamonaviy hatti-harakatlar asosida yechish masalasi Prezidentimizning doimiy e’tiborida. Bu borada davlatimiz rahbari ikki o‘ta muhim strategik baho va muhim amaliy taklifni ilgari surdi. Prezidentimiz ta’kidlashicha, afg‘on xalqining tinch va osuda hayotga bo‘lgan intilishini qo‘llab-quvvatlash uchun xalqaro hamjamiyatning sa’y-harakatlarini birlashtirish zarur. Bu davlat yakkalanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik juda muhim. Ushbu g‘oyani davom ettirib, Afg‘onistonda yirik iqtisodiy va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish, ushbu mamlakat orqali xalqaro transport va energetika yo‘laklarini rivojlantirish bo‘yicha BMTning alohida rezolyutsiyasini qabul qilish taklifi ilgari surildi.
Beshinchidan, Yaqin Sharq va Ukrainadagi ziddiyat mavzusi ham chetda qolmadi. Aytish kerak, Yangi O‘zbekistoning muhim xususiyatlaridan biri – davlatimizning Yaqin Sharqdagi vaziyat bo‘yicha doimiy siyosiy munosabati va muammoni yechish bo‘yicha amaliy takliflari xalqaro hamjamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Bu gal Prezidenimiz nutqida G‘azo sektorida tobora keskinlashib borayotgan gumanitar inqirozni e’tibordan chetda qoldirmaslik, turli harbiy harakatlarni to‘xtatish va siyosiy muzokaralarni davom ettirish, BMT rezolyutsiyalariga muvofiq “ikki xalq uchun – ikki davlat” tamoyilini amalga oshirish taklifi bildirildi. Shuningdek, Ukraina atrofidagi vaziyat barchani jiddiy tashvishga solayotgani, muammoni diplomatik yo‘llar bilan hal etish bo‘yicha yuqori darajadagi muloqotlar boshlanganini olqishlash muhim strategik ahamiyat kasb etdi.
Oltinchidan, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha aniq konkret amaliy baho va takliflar nihoyatda dolzarbligi bilan ajralib turdi. Bu borada Markaziy Osiyoda global aksilterror strategiyasini bajarish bo‘yicha samarali ishlar olib borilmoqda. BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi bilan hamkorlikda Reabilitatsiya va qayta integratsiya masalalari bo‘yicha Mintaqaviy Kengash tuzilgan. Davlatimiz rahbarining bu tuzilma muammoli hududlardan qaytarilgan shaxslarni tinch hayotga moslashtirish bo‘yicha tajriba almashish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qilishi hamda Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasining mintaqaviy ofisini O‘zbekistonda ochish uchun zarur sharoit yaratishga tayyorligiitz haqidagi bayonoti amaliyligi bilan ahamiyatli.
Yettinchidan, dunyoda global transport tizimida ba’zi muammolar mavjudligi sezilib qoldi. Bu muammolar birinchi navbatda, dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan rivojlanayotgan davlatlar barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganiva masalani qanday hal etish jahon hamjamiyati e’tiborini tortmoqda. O‘z navbatida, yetakchimiz ushbu muammoning konkret yechimini taklif etdi. Uning ta’kidlashicha, xalqaro tranzit yo‘laklari xavfsizligini ta’minlash va samarali logistika zanjirlarini yaratish, shuningdek bu borada “Barqaror rivojlanish maqsadlari uchun o‘zaro transport bog‘liqligini mustahkamlash” global mexanizmini joriy etish bugungi kunning dolzab masalasi bo‘lib turibdi.
Umuman, O‘zbekiston Prezidentining o‘z o‘rniga ega yagona siyosiy tuzilma minbaridan turib ilgari surgan takliflari, muammolarni yechish bo‘yicha strategik fikrlari nafaqat mamlakat ichki islohotlariga kuchli turtki beradi, balki mintaqaviy va xalqaro miqyosda ham diyorimizning nufuzini oshirishga xizmat qiladi. Ayniqsa, bildirilgan tashabbuslar amaliy natijalarga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘lib, har bir bayonot yoki taklif ortida aniq dastur, maqsadli reja va ishonchli ijro mexanizmi mavjud.
Bu avvalo, Prezidentimizning siyosiy dunyoqarashi va yetuk tajribasi, xalqaro vaziyatga strategik baho berishi va fikr yuritishidan dalolat beradi.
Yangi Markaziy Osiyo g‘oyasi jahon e’tiboriga olib chiqilgani, Yangi O‘zbekiston g‘oyasi BMT minbaridan turib yana bir bor ilgari surilishi va kun tartibiga aylantirilishi yangi tariximizda amaliy siyosiy yondashuv va strategik qadam sifatida ko‘zga tashlandi.
O‘tkir Alimov yozib oldi.
O‘zA