“BMB Holding” mahsulotlari xalqaro bozorlar e’tiborida
Gonkong shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston – Xitoy iqtisodiy forumi doirasidagi “Made in Uzbekistan” milliy ko‘rgazmasi mamlakatimiz eksport salohiyatini namoyon etgan muhim xalqaro maydonga aylandi. Ayniqsa, Jizzax viloyatining Baxmal, Arnasoy, Sharof Rashidov va qator boshqa tumanlarida yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining nufuzli ko‘rgazmada namoyish etilishi mahalliy ishlab chiqaruvchilarning xalqaro bozordagi o‘rni tobora mustahkamlanayotganini yana bir bor tasdiqladi.
Ko‘rgazmada “BMB Holding” tomonidan taqdim etilgan mahsulotlar mehmonlar va xalqaro biznes doiralari vakillarida katta qiziqish uyg‘otdi. Xususan, Jizzax viloyati Baxmal tumanining o‘ziga xos iqlimi va tabiiy sharoitida yetishtirilgan “BMB Za’faron” brendi mahsulotlari, shuningdek, vohaning boshqa hududlarida yetishtirilib, chuqur qayta ishlangan meva-sabzavotlar eksportbop sifati, ekologik tozaligi va yuqori standartlarga mosligi bilan ajralib turdi.

E’tiborlisi, mazkur mahsulotlarning asosiy qismi Baxmalning tog‘ oldi hududlari, Arnasoyning quyoshli dalalari, Sharof Rashidov tumani hamda Jizzax viloyatining boshqa agrar hududlarida yetishtirilgan xomashyo asosida tayyorlangani bilan ahamiyatlidir. Bu esa, bir tomondan, hududlarda qishloq xo‘jaligi klasterlari faoliyati kengayib borayotganini ko‘rsatsa, ikkinchi tomondan, yerdan samarali foydalanish orqali qo‘shimcha qiymat yaratayotgan korxonalar soni ortib borayotganini anglatadi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, eksport hajmini oshirish va milliy brendlarni xalqaro bozorlarga olib chiqishga qaratilgan islohotlar yangi bosqichga ko‘tarildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-apreldagi “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining eksport salohiyatini oshirish hamda qayta ishlash zanjirini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda. Mazkur qarorda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishdan tortib, ularni saqlash, qayta ishlash va eksportga yo‘naltirishgacha bo‘lgan yagona integratsiyalashgan tizimni shakllantirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.

“BMB Holding” faoliyati aynan ana shu islohotlarning amaliy ifodasi sifatida e’tirof etilmoqda. Kompaniya tomonidan Jizzax viloyatida za’faronchilik, intensiv bog‘dorchilik va qayta ishlash sanoati yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan loyihalar nafaqat eksport hajmini oshirish, balki yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi daromadini ko‘paytirish va hududlar iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishga ham xizmat qilmoqda.
Gonkongdagi ko‘rgazma davomida “BMB Holding” ekspozitsiyasiga xorijiy investorlar, yirik savdo kompaniyalari hamda moliyaviy institutlar vakillari tashrif buyurib, mahsulotlarning sifati va eksport imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdi. Muzokaralar jarayonida yangi eksport yo‘nalishlarini ochish, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish va uzoq muddatli sheriklik munosabatlarini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi hamda Gonkong maxsus ma’muriy hududi rahbarlari ishtirok etib, ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish muhimligini ta’kidlashdi.
Bugun Jizzax zaminida yetishtirilayotgan mahsulotlarning xalqaro ko‘rgazmalarda namoyish etilayotgani — bu oddiy ishtirok emas. Bu avvalo mahalliy mehnatkash dehqon va fermerlar, zamonaviy agrotexnologiyalar, qayta ishlash sanoati hamda milliy brendlar uyg‘unligining amaliy natijasidir. Eng muhimi, Jizzax vohasi zaminida yetishtirilgan mahsulotlar endi dunyo bozorlarida “Made in Uzbekistan” brendining munosib timsoliga aylanmoqda.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri