Soliq forumi: QQS, aksiz va fiskal siyosati ko‘rib chiqildi
«Ipak yo‘li» XVIII xalqaro soliq forumining birinchi kunida mintaqaning iqtisodiy taraqqiyoti, soliq-bojxona siyosati va barqaror o‘sishni ta’minlashga qaratilgan dolzarb masalalarga bag‘ishlangan tematik sessiyalar bo‘lib o‘tdi.
Forum doirasida o‘tkazilgan birinchi sessiyada ishtirokchilar mintaqaviy iqtisodiy tendensiyalar, mavjud chaqiriqlar va imkoniyatlar, shuningdek fiskal siyosatga yondashuvlar hamda barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda soliq va bojxona islohotlarining o‘rni yuzasidan atroflicha fikr almashdi.


Ikkinchi sessiya soliq siyosatining investitsiyalarni jalb etishdagi ahamiyatiga bag‘ishlandi. Unda soliq rejimlarining barqarorligini ta’minlash, ma’muriy yuklamani kamaytirish, qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) tizimini modernizatsiya qilish hamda xalqaro soliq hamkorligini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchinchi sessiya doirasida bilvosita soliqlar, xususan QQS va aksiz solig‘i ma’muriyatchiligini takomillashtirish, byudjet tushumlarining barqarorligini ta’minlash, shuningdek ushbu yo‘nalishdagi zamonaviy tendensiyalar va ilg‘or amaliyotlar muhokama qilindi.


To‘rtinchi sessiya esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri soliqlar siyosati hamda ularni samarali ma’muriylashtirish masalalariga bag‘ishlandi.
Forum ishtirokchilari bu yo‘nalishdagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish va soliq tizimi samaradorligini oshirish bo‘yicha taklif va mulohazalarini bildirdi.

Sh.Mamaturopova, O‘zA