Bitiruvchilar uchun yangi hayot sahifasi ochildi
Bugun mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan e’tibor, ularning zamonaviy bilim olishi, o‘z iste’dod va salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar ertangi porloq kelajagimizning mustahkam kafolatiga aylanmoqda.
Ana shunday ezgu maqsadlar uyg‘unligida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahridagi 53-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbiri yuqori saviyada, ko‘tarinki ruh va unutilmas taassurotlar ostida bo‘lib o‘tdi. Bayramona bezatilgan maskanda yangragan so‘nggi qo‘ng‘iroq sadolari minglab orzu-intilishlar, ezgu niyatlar va katta hayot sari qo‘yilayotgan ilk dadil qadamlarning ramziga aylandi.
Tadbirda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugining Nukus garnizonida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar, mahalla faollari, yoshlar yetakchilari, ustoz va murabbiylar hamda keng jamoatchilik vakillari faol ishtirok etib, bitiruvchi yoshlarga samimiy tilaklarini bildirdilar. So‘zga chiqqanlar bugungi tinch va osuda hayot, ilm-fan va taraqqiyot yo‘lida yoshlar zimmasiga katta mas’uliyat yuklanayotganini alohida ta’kidladilar.
“So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbiri davomida ustozlarga bo‘lgan cheksiz hurmat va ehtirom, ota-onalarga minnatdorlik tuyg‘ulari, sinfdoshlar o‘rtasidagi samimiy mehr va do‘stlik rishtalari yana bir bor namoyon bo‘ldi. Bitiruvchilarning qalbida hayajon, quvonch va mas’uliyat hissi uyg‘unlashib, ular uchun yangi hayot sahifasi ochildi.
Darhaqiqat, “So‘nggi qo‘ng‘iroq” – bu oddiy tadbir emas. Bu bolalik bilan xayrlashuv, orzular sari yo‘l ochuvchi tarixiy lahza, katta hayot ostonasidagi mas’uliyatli va sharafli qadamdir. Ushbu unutilmas kun har bir bitiruvchining qalbida umrboqiy xotira sifatida muhrlanadi.
Bugun Yangi O‘zbekiston yoshlari oldida ulkan maqsadlar turibdi. Ular ajdodlarning boy ilmiy-ma’naviy merosini davom ettirib, zamonaviy bilim va innovatsiyalar bilan qurollangan holda mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadigan Uchinchi Renessans bunyodkorlariga aylanishlari shubhasiz.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.