Birinchi Boku Turkologiya qurultoyining 100 yilligi nishonlanmoqda
Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida bundan 100 yil muqaddam Birinchi Turkologiya qurultoyi bo‘lib o‘tgan edi. Turkiy xalqlardan 131 nafar vakil ishtirok etgan mazkur anjumanda turkiy tillarning istiqboli va rivojlanishiga oid muhim masalalar muhokama qilingan.
Qurultoyning 100 yilligi munosabati bilan Ozarbayjon Respublikasi Madaniyat vazirligi tashabbusi bilan Turkiy dunyo haftaligi tashkil etildi.
Haftalik «Birinchi Turkologiya qurultoyi: yuz yillik ilmiy va madaniy meros» mavzusidagi xalqaro kongress bilan boshlandi. Bokudagi Haydar Aliyev markazida Ozarbayjon madaniyat vaziri Adil Karimli mezbonligida o‘tkazilgan kongressning ochilish marosimida O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ham ishtirok etdi.

Tadbirda vazir Ozodbek Nazarbekov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birinchi Turkologiya qurultoyining 100 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro kongress ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatini o‘qib eshittirdi.
Davlatimiz rahbari murojaatida yuz yil avval bo‘lib o‘tgan qurultoyda 11 nafar mashhur o‘zbek ziyolisi ishtirok etgani hamisha faxr bilan yodga olinishi ta’kidlangan.
Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev Birinchi Turkologiya qurultoyining 100 yilligi munosabati bilan turkiy davlatlarning yetakchi ilmiy markazlari ishtirokida «Turkiy dunyo ma’rifatparvarlari» xalqaro ilmiy-ensiklopedik loyihasini yaratish, shuningdek, jadidchilik harakati namoyandalarining barcha asarlari va arxiv hujjatlarini o‘z ichiga olgan yagona raqamli kutubxona shakllantirishni taklif qildi.

Kongressda dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan tashrif buyurgan 100 nafardan ziyod olim va mutaxassis turkologiyaning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan ma’ruzalari bilan ishtirok etmoqda.
Sho‘’ba yig‘ilishlarida o‘zbekistonlik olimlar ham o‘z tadqiqotlari va ilmiy ma’ruzalari bilan qatnashmoqda. Yig‘ilishlardan biri yuz yil muqaddam Turkologiya qurultoyi o‘tkazilgan tarixiy binoda tashkil etildi. Hozirgi kunda Ozarbayjon Milliy Fanlar akademiyasi joylashgan ushbu bino aynan o‘sha tarixiy qurultoyga mezbonlik qilgan.
Turkiy dunyo haftaligi doirasida ishtirokchilarning Ozarbayjonning Og‘dam, Shusha va Xonkendi kabi tarixiy hududlariga tashrifi ham rejalashtirilgan.
O‘zA