Madaniyat sohasida raqamli texnologiyalardan foydalanish ko‘nikmalari oshirilmoqda
Madaniyat va san’at sohasida zamonaviy boshqaruv: Sun’iy intellekt bolalar maktablari uchun qanday imkoniyatlar yaratadi?
Sir emaski, bugungi kunda sun’iy intellekt bir qator qulayliklar taqdim etmoqda. Biroq undan sohalar kesimida qanday foydalansa, manfaatli bo‘lishini mutaxassislardan o‘rgangan afzal.
Shu maqsadda, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti huzuridagi Malaka oshirish tarmoq markazida bolalar musiqa va san’at maktablari direktor o‘rinbosarlari uchun o‘quv-seminari tashkil etildi.
Seminar ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligida bo‘lib, “Zamonaviy AKT: sun’iy intellekt imkoniyatlaridan ish jarayonlarida foydalanish” moduli doirasida mashg‘ulotlarda ishtirok etdi.
Mashg‘ulotni madaniyat vaziri maslahatchisi Abdurauf Nabiyev olib bordi.
Dars davomida boshqaruv faoliyatida sun’iy intellektdan foydalanish, hujjatlar bilan samarali ishlash, tahliliy jarayonlarni avtomatlashtirish hamda madaniyat va san’at sohasida sun’iy intellektning amaliy imkoniyatlari haqida ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, ishtirokchilarga zamonaviy raqamli texnologiyalardan kundalik ish jarayonlarida samarali foydalanish bo‘yicha amaliy tavsiyalar taqdim etildi.
Ta’kidlash joizki, bunday o‘quv-seminarlar ta’lim muassasalari rahbar kadrlarining zamonaviy boshqaruv ko‘nikmalarini rivojlantirish, raqamli texnologiyalarni amaliyotga keng joriy etish va kasbiy salohiyatni yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
Sherbek Islomov, O‘zA