O‘zbekistonda ilk bor kolorektal saratonni erta aniqlash bo‘yicha milliy dastur boshlandi
Mamlakatimizda aholi salomatligini muhofaza qilish, onkologik kasalliklarning oldini olish, ularni erta bosqichlarda aniqlash va zamonaviy tibbiy texnologiyalarni hududlarda keng joriy etish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ana shu ezgu maqsad yo‘lida O‘zbekistonda ilk bor kolorektal saratonni erta aniqlashga bag‘ishlangan keng ko‘lamli Milliy dastur hayotga tatbiq etila boshlandi. Mazkur muhim tashabbus O‘zbekiston Onkologlar assotsiatsiyasi, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda xalqaro “Gustave Roussy International” O‘zbekiston tibbiyot markazi hamkorligida tashkil etildi.
Ayni kunlarda ushbu milliy dastur doirasida AQSHning “Dana-Farber Cancer Institute”, “Brigham and Women’s Hospital” kabi nufuzli muassasalari va Buyuk Britaniyaning yetakchi mutaxassislaridan iborat xalqaro ekspertlar guruhi yurtimizga tashrif buyurdi.
Anna Lyu, Pranay Sinxa, Devis Xarnett, Nilufar Qahorova, Yakob Dokterman va Selvin Marrokin kabi taniqli xorijiy mutaxassislar ishtirokidagi ilk manzil – Andijon viloyati bo‘ldi. Hududiy onkologiya filiallarida tibbiy-amaliy yordam ko‘rsatish sifatini oshirish, yuqori texnologiyali va dalillarga asoslangan onkologik xizmatni rivojlantirish hamda soha mutaxassislari o‘rtasidagi kasbiy hamkorlikni mustahkamlash maqsadida Markaz shifokorlari va xalqaro ekspertlardan iborat guruh Andijonda o‘z faoliyatini boshladi.

Andijonda o‘tkazilayotgan xalqaro ta’lim dasturi doirasida kolonoskopiya bo‘yicha maxsus amaliy mahorat darslari (master-klasslar), ilmiy seminarlar va murakkab klinik holatlar muhokamasi tashkil etilmoqda. Kolorektal saratonni erta aniqlash samaradorligini oshirish, zamonaviy kolonoskopiya texnikalarini amaliyotda joriy etish va mutaxassislarning kasbiy ko‘nikmalarini takomillashtirish dasturning asosiy maqsadi hisoblanadi. Mahorat darslari davomida zamonaviy kolonoskopiya texnikasi, yo‘g‘on ichakni sifatli va to‘liq ko‘zdan kechirish, poliplar va erta neoplastik o‘zgarishlarni aniqlash, shubhali hosilalarni baholash hamda endoskopik tekshiruv sifatini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mazkur milliy dastur orqali ishtirokchilar zamonaviy xalqaro yondashuvlar bilan tanishish, xorijiy ekspertlar bilan bevosita tajriba almashish hamda kundalik klinik amaliyot uchun zarur yangi bilim va ko‘nikmalarni egallash imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Mohigul Qosimova,
O‘zA