“Besh tashabbus olimpiadasi”: Yoshlar faolligini namoyon etmoqda
Shu kunlarda mamlakatimiz bo‘ylab “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida kitobxonlik, madaniyat va san’at festivallari qatorida intellektual o‘yinlar, axborot texnologiyalari hamda sport turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazilmoqda.
Xususan, Yangihayot tumanida mahalla yoshlari o‘rtasida sportning yengil atletika turi bo‘yicha musobaqa bo‘lib o‘tdi. Unda yoshlarimiz 16-21, 22-26 hamda 27-30 yosh toifasida bahs olib bordi.

Mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanadigan aholi sonini 2026-yilga borib 33 foizga yetkazish, yoshlar o‘rtasida milliy sport turlarini ommalashtirish, milliy olimpiada sport o‘yinlarini o‘tkazish dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish, uni yuqori darajada tashkil etish hamda g‘olib va sovrindorlarni munosib rag‘batlantirish vazifalari belgilangan.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida yigit-qizlar uzunlikka sakrash, 60 metrga yugurish, 100 metrga yugurish, 200 metrga yugurish hamda 400 metrga yugurish bo‘yicha o‘z mahoratlarini sinovdan o‘tkazdi.

G‘olib va sovrindorlar diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanib, musobaqaning keyingi bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA