Ben Kingsli ishtirok etgan o‘zbek loyihasi xalqaro finalda
Dunyo kino sanoatida katta yutuqlarga erishish oson emas. Ayniqsa, nufuzli xalqaro tanlovlarda finalga chiqish — har qanday loyiha uchun katta e’tirof hisoblanadi.
O‘zbekistonda yaratilgan va jahonga mashhur aktyor Ben Kingsli ishtirok etgan «Ma’rifat aks-sadosi» hujjatli filmlar seriyasining aynan shunday bosqichga yetib kelgani esa alohida e’tiborga loyiq. Loyihaning yana bir muhim jihati — u avvaldanoq CNN, BBC va Euronews kabi yetakchi telekanallar orqali xalqaro auditoriyaga taqdim etilgan.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan amalga oshirilgan mazkur filmlar seriyasi New York Festivals TV & Film Awards 2026 tanlovining final bosqichiga yo‘l oldi. Bu tanlov televideniye va kino sohasida eng nufuzli xalqaro mukofotlardan biri bo‘lib, unda ishtirok etishning o‘ziyoq yuqori darajani anglatadi. Finalga chiqqan loyiha xalqaro ekspertlardan iborat hakamlar hay’ati tomonidan saralab olingan bo‘lib, endi u oltin, kumush yoki bronza mukofotlaridan biriga da’vogarlik qilmoqda.
«Ma’rifat aks-sadosi» nafaqat hujjatli film, balki tarixiy merosni zamonaviy tilda qayta anglatishga qaratilgan loyiha sifatida ahamiyatlidir. Unda Markaziy Osiyodan yetishib chiqqan buyuk mutafakkirlar — Xorazmiy, Farg‘oniy, Ibn Sino kabi allomalarning jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi keng yoritiladi. Shuningdek, Temuriylar va Boburiylar davri merosi ham alohida urg‘u bilan ochib berilib, ilm-fan, tibbiyot va falsafa rivojiga ko‘rsatgan ta’siri ilmiy-ommabop uslubda taqdim etilgan.

Loyihaning xalqaro maydondagi muvaffaqiyati uning mazmunan chuqurligi va taqdimot uslubining zamonaviyligi bilan bog‘liq. Bu esa O‘zbekistonning ilmiy va madaniy merosini jahon jamoatchiligiga yangi formatda yetkazishga bo‘lgan intilishlar izchil davom etayotganini ko‘rsatadi. Ayniqsa, jahonga mashhur aktyor ishtirokining o‘ziyoq filmga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirgan omillardan biri bo‘ldi.
Avvalroq mazkur loyiha materiallari xalqaro auditoriyaga taqdim etilgan bo‘lib, CNN, BBC va Euronews kabi yetakchi jahon telekanallarida efirga uzatilgani uning global axborot maydonidagi nufuzini yanada oshirdi.
New York Festivals TV & Film Awards xalqaro mukofoti televideniye va kino sohasida yuqori nufuzga ega bo‘lib, qat’iy saralash tizimi, ishtirokchilarning keng geografiyasi hamda raqobatning yuqori darajasi bilan ajralib turadi. Ushbu mukofot doirasida ilgari BBC, National Geographic va Netflix kabi yetakchi media kompaniyalar tomonidan yaratilgan loyihalar eng yuqori baholarga sazovor bo‘lgan.
G‘oliblar 2026-yil 21-may kuni bo‘lib o‘tadigan Storytellers Gala taqdirlash marosimida e’lon qilinishi rejalashtirilgan. Bu sana nafaqat loyiha taqdiri, balki milliy media mahsulotning xalqaro darajada qanday baholanishini ham belgilab beradi.
M. Eshmirzayeva, O‘zA